Press "Enter" to skip to content

Eng yaxshi kitobxon” tanloviga start berildi

Maktabimiz 250 o‘rinli, hozirda 500 nafar o‘quvchi o‘qimoqda. Biz sharoit topishga harakat qilardik. Maktab direktorimiz qo‘lidan kelgunicha yordam berardi. Goho hovlidagi o‘rindiqlarda o‘tirib, qizg‘in bahslar olib bordik. Kech tushganini ham unutib, kitob qahramonlari ruhi bilan yashardik. Mahliyoning yoki Mashhuraning onalari bizni kutib o‘tirishardi. Yarim kechada uyimizga qarab shoshardik. Meni turmush o‘rtog‘im, to‘rtovlon o‘g‘illarim kutib turgan bo‘lardi.

“Yosh kitobxon” tanlovi: bugun 15-19 yoshlilar bellashadi

Xabaringiz bor, kecha, 12 iyul kuni “Yosh kitobxon” tanlovining saralash bosqichi butun respublikamiz bo`ylab o`z ishini boshlagan edi. Kecha 20-30 yosh toifasidagilar saralash bosqichi test sinovlaridan o`tishgan bo`lsa, bugun 15-19 yoshlilar o`z bilimlarini sinab ko`rishadi.

Eslatib o`tamiz, “Yosh kitobxon” tanlovi bu yil ikkinchi marta o`tkazilmoqda. Ushbu tanlovning saralash bosqichini O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi , Xalq ta`limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi, hamda ularning mahalliy va hududiy bo`linmalari, shuningdek OTM prorektorlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarlari gazeta-jurnallar bosh muharrirlarihamkorlikda tashkil etishmoqda.

Bugun ham “Yosh kitobxon” tanlovning saralash bosqichi ishtirokchilari har bir viloyat va tuman-shaharlarda tashkil etilgan, kerakli jihozlar bilan jihozlangan maxsus xonalarda test sinovlarini topshirish uchun jam bo`lishdi.

Ishtirokchilarga test topshirish qoidalari bo`yicha tushuntirish beriladi. Eslatib o`tamiz, test sinovida yoshlar o`zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 50 ta test savollariga 25 daqiqa vaqt davomida javob berishlari lozim.

Har bir to`g`ri javob uchun 2 balldan belgilanadi. Ishtirokchilar natijalari saqlab qolinadi (elektron ko`rinishda va imzolangan holda qog`ozda). Test natijalariga ko`ra 86 va undan yuqori ball to`plagan ishtirokchilar keyingi (ikkinchi) bosqichda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritishadi.

“Yosh kitobxon” tanlovining 3 yosh toifasi bo`yicha saralashbosqichlari shu tartibda ketma-ket uch kunda o`tkaziladi.

“Eng yaxshi kitobxon” tanloviga start berildi!

Registon o‘quv markazi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorlikda butun insoniyat rivoji uchun xizmat qiladigan g‘oya, ya’ni kitobga muhabbat tuyg‘usini kushaytirishni maqsad qilib, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovini e’lon qiladi.

Bu tanlovni o‘tkazishdan maqsad:

Sir emaski, har bir odam tanasini rivojlantirib borishi, jismoniy charchamasligi uchun bir kunda uch yo to‘rt marta ovqatlanadi. Ya’ni yashash uchun, tiriklikni saqlab qolish uchun o‘ziga jismoniy energiyani oladi. Nima uchundir, ma’naviy-ruhiy energiya mavjudligini, u insonni hayvonot olamidan ajratib turishligini ko‘pincha hisobga olmaymiz. Kitob aynan ma’naviy-ruhiy energiya manbasi ekanligini anglashimiz va barchamiz dunyoqarashimizni “tuydirish”ni boshlashimiz kerak, nazarimizda. Mana shunday ezgu maqsadni ko‘zlagan holda bu tanlov tashkil etildi.

Tanlov haqida qisqacha:

Tanlov 17.11.2018 dan 13.12.18 gacha davom etadi.

“Eng yaxshi kitobxon” tanlovi ishtirokchisi quyida berilgan kitoblardan birini tanlab 17-noyabrdan to 13 dekabrgacha jiddiyat bilan o‘qib chiqib, kitob mazmuni asosida o‘z qarashlarini insho orqali yoritib beradi. Quyida berilgan asarlardan birini avval o‘qigan qatnashchilar bo‘lsa, unda ularning o‘sha asar bo‘yicha yozadigan insholari ham qabul qilinadi.

Hech bir asar shunchaki yozilmaydi. Chunki yozuvchi jamiyatdagi mavjud muammolarni kuzatadi hamda bu muammolarning ildizi, sababi, oqibatini obrazlar vositasida ko‘rsatib beradi. Quyida berilgan barcha asarlarning tag zaminida ma’lum ijtimoiy muammo ko‘tarilgan va ularning echimlari keltirilgan. Inshoning mazmun-mohiyati mukammal chiqishi uchun bu jihatlarga alohida e’tibor qaratilishi lozim.

  • Tanlovda 13 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin;
  • Quyida berilgan kitoblardan birini tanlash;
  • Tanlangan kitobni e’tibor bilan o‘qib chiqish;
  • Asardagi eng ta’sirli voqea, hodisa, obraz va boshqalar haqida mustaqil sarlavhali insho yozish;
  • Insho mavzusi o‘qilgan kitobning mazmunidan kelib chiqishi va bu mavzuning dolzarbligiga alohida e’tibor berish;
  • Tanlangan mavzuni yoritishda erkin va tizimli fikrlash;
  • O‘qilgan asarda muallif qanday ijtimoiy muammoni olib chiqqan va uning qanday echimlarini berganligni inshoda yoritish;
  • Tanlangan mavzuni ochib berish, uning originalligi va erkin fikrga asoslanganligiga diqqat qilish;
  • Imloviy va leksik qoidalarga amal qilish;
  • Insho 12 varaqdan iborat daftarga yozilishi lozim;
  • Hajmi 500 so‘zdan kam bo‘lmagan insholar qabul qilinadi;
  • Insholar o‘zbek, rus va ingliz tillarida qabul qilinadi.
  • 12 varaqdan iborat daftarga yozilgan inshoni eng yaqin Registon o‘quv markazi filialiga topshirish;
  • Daftarda qatnashchi haqida barcha ma’lumotlar: Ism va familiyasi, ta’lim muassasasi, telefon nomeri va boshqa kontaktlari bo‘lishi lozim.
  • 17.11.2018 yildan to 13.12.2018 gacha barcha tanlov qatnashchilari o‘z insholarini topshirib bo‘lishlari lozim.

Eng muhimi….

“Eng yaxshi kitobxon” tanlovi g‘olibi “Yangi yil” aksiyasiga chiptani qo‘lga kiritadi.

2-3-o‘rin sohiblari esdalik va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

1-o‘rindan to 50-o‘ringacha bo‘lgan “Eng yaxshi kitobxon” tanlovi g‘oliblari “Yorug‘likka intilib” nomli maxsus treningga qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.

50-o‘rindan to 200-o‘ringacha esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.

“Eng yaxshi kitobxon” tanlovi bo‘yicha yozilgan insholar 13-dekabrgacha Registon o‘quv markazining barcha filiallarida qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari 15-dekabrda www.rgn.uz saytida e’lon qilinadi. 16-dekabr kuni barcha g‘oliblar taqdirlanadilar.

Barchaga omad tilaymiz.

  • “Lison ut-tayr” A. Navoiy
  • “Boburnoma” Z.M.Bobur
  • O‘tkan kunlar” (roman) Abdulla Qodiriy
  • “Kecha va Kunduz” (roman) Cho‘lpon
  • “Abulfayzxon” (drama) Fitrat
  • “Shum bola” (qissa) G’afur G’ulom
  • “Yulduzlar mangu yonadi” (qissa) Tog‘ay Murod
  • “Yulduzli tunlar” (roman) Pirimqul Qodirov
  • “Dunyoning ishlari” (qissa) O‘tkir Hoshimov
  • “Ruhlar isyoni” (doston) Erkin Vohidov
  • “Sohibqiron” (she’riy drama) Abdulla Oripov
  • “Oq kema” (qissa) Chingiz Aytmatov
  • “Otamdan qolgan dalalar” (roman) Tog‘ay Murod
  • “Ulug’bek xazinasi” (roman) Odil Yoqubov
  • “Asrni qaritgan kun” (roman) Chingiz Aytmatov
  • “Mehrobdan chayon” (roman) Abdulla Qodiriy
  • “Sariq devni minib” (roman) Xudoyberdi To’xtaboyev
  • “O‘tmishdan ertaklar” (qissa) Abdulla Qahhor
  • “Navoiy” (roman) Oybek
  • “Galatepaga qaytish” Murod Muhammad Do‘st
  • «Евгений Онегин» А.С. Пушкин
  • «Герой нашего времени» М.Ю. Лермонтов
  • «Мертвые души» Н.В. Гоголь
  • «Обломов» И.А. Гончаров
  • «Преступление и наказание» Ф.М. Достоевский
  • «Война и мир» Л.Н. Толстой
  • «Хамелеон» А.П. Чехов
  • «Старуха Изергиль» М. Горький
  • «Мастер и Маргарита» М. Булгаков
  • «Прощание с Матерой» В. Распутин
  • «Ревизор» Н.В. Гоголь
  • «Вишневый сад» А.П. Чехов
  • «Тихая моя родина…» Н. Рубцов
  • «Братские могилы» В. Высоцкий
  • «Из ташкентского репортажа» А. Вознесенский
  • «Василий Теркин» А. Твардовски
  • «Мильон терзаний» И.А. Гончаров
  • «Микроскоп» В. Шукшин
  • «Один день Ивана Денисовича» А. Солженицын
  • «Иуда Искариот» Л. Андреев
  • In Search of Lost Time Marcel Proust
  • Don Quixote Miguel de Cervantes
  • Hamlet William Shakespeare
  • The Odyssey Homer
  • Crime and Punishment Fyodor Dostoyevsky
  • Alice’s Adventures in Wonderland Lewis Carroll
  • The Sound and the Fury William Faulkner
  • To the Lighthouse Virginia Woolf
  • Heart of Darkness Joseph Conrad
  • Anna Karenina Leo Tolstoy
  • Great Expectations Сharles Dickens
  • Gulliver’s Travels Jonathan Swift
  • The Grapes of Wrath John Steinbeck
  • The Red and the Black Stendhal
  • The Sun Also Rises Ernest Hemingway
  • Robinson Crusoe Daniel Defoe
  • Faust Johann Wolfgang von Goethe
  • Father Goriot Honoré de Balzac
  • Fairy Tales and Stories Hans Christian Anderson
  1. Mustaqil fikr va original g‘oyalar miqdori va sifati
  2. Imloviy xatolarning miqdori va sifati
  3. Uslubiy xatolarning miqdori va sifati
  4. Grammatik xatolarning miqdori va sifati
  5. Tinish belgilari bilan bog‘liq xatolar miqdori va sifati
  6. Fikrlarning mantiqan bog‘langanligi hisobga olinadi

Ikkinchi o‘qituvchi tamonidan har bir inshodagi mustaqil fikr va original g‘oyalarning miqdori va sifati aniqlanadi. Tanlangan mavzu ochib berilganligi, originalligi va erkin fikrga asoslanganligi hamda birinchi o‘qituvchining tekshirish natijalarini hisobga olgan holda 100 ballik tizimda ballar qo‘yib chiqiladi.

Registon o‘quv markazi

Manzil: Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 53-uy.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun: +998 93 584 27 00

Reklama huquqi asosida

“Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibasi Mahliyo O‘roqova: «Bu yil yozda mol boqmadim, kitob o‘qidim»

Millionlab tomoshabinlarni ekran qarshisiga “mixlagan“ ”Yosh kitobxon“ ko‘rsatuvi nihoyasiga yetdi. O‘n-o‘n to‘rt yoshlilar orasida eng oliy sovrin – “Spark“ avtomashinasi burro javoblari, bilimdonligi bilan hammani ortda qoldirgan Mahliyo O‘roqovaga nasib etdi.

Quvonchli xabar yashin tezligida tarqaldi. Mahliyo O‘roqova va ustozi – maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nigora Husanova bilan Toshkentda uchrashdik. Mahliyoning ustozini suhbatga tortdim.

– O‘quvchim Mahliyo O‘roqova ishonchimni oqladi. U faqat adabiyot fanidan emas, barcha fanlardan a’lo bahoga o‘qiydi. Avval viloyat bosqichida 10-14 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda birinchi o‘rinni oldi. 15-19 yoshlilar o‘rtasida yana bir o‘quvchim Mashhura Kamolova birinchi o‘ringa (respublikada o‘z teng­doshlari orasida 7-o‘ringa) sazovor bo‘ldi.

Maktabimiz 250 o‘rinli, hozirda 500 nafar o‘quvchi o‘qimoqda. Biz sharoit topishga harakat qilardik. Maktab direktorimiz qo‘lidan kelgunicha yordam berardi. Goho hovlidagi o‘rindiqlarda o‘tirib, qizg‘in bahslar olib bordik. Kech tushganini ham unutib, kitob qahramonlari ruhi bilan yashardik. Mahliyoning yoki Mashhuraning onalari bizni kutib o‘tirishardi. Yarim kechada uyimizga qarab shoshardik. Meni turmush o‘rtog‘im, to‘rtovlon o‘g‘illarim kutib turgan bo‘lardi.

Maktabimiz direktori Norgul Shukurova, 50 nafardan iborat pedagoglar, 500 nafar o‘quvchilarimiz, Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limining mudiri Valijon Mardonov, viloyat rahbarlari ham bizga xayrixoh edilar. Ro‘yxatdagi kitoblarni topish qiyinroq bo‘ldi. Ko‘pi sotuvda yo‘q edi. O‘quvchilarimning kitob o‘qishga mehri, yonib turgan ko‘zlari meni tinch qo‘ymasdi.

Mahliyo O‘roqova:

– Men avvalo, bizda kitobga mehr uyg‘otgan ustozimdan juda minnatdorman. Dadam ham, ayam ham o‘qishmagani uchun farzandlari bilimli bo‘lishini juda istashgan. Men birinchi sinfga bormay turib, hamma harflarni taniganman. Dadam o‘rgatganlar. She’r yodlatardilar va hamma she’rning muallifi va nomini bilishimizni talab qi­lardi. Hamma fanlarni o‘rgan, derdi. Mendan kichik singillarim va ukalarimga ham shunday talab qo‘y­gan. Kichkintoyimiz – Sherbek ukam besh yoshda bo‘lsa ham ko‘p she’rlarni yod olgan.

Dadam har safar oylik maosh olganlarida o‘qituvchimdan o‘qish kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini oladi-da, shaharga borib, kitob olib keladi. O‘sha kunlar uyimizda bayram bo‘lib ketadi. Axir ulug‘ adiblar, shoirlar o‘z so‘zlari bilan uyimizga mehmon bo‘lib keladi-yu, suyun­maymizmi? O‘sha kunlar bizdan boy odam bo‘lmaydi.

Dadam bizga olib kelgan kitob­larimni o‘qigin, deb majburlamaydi. Istasang o‘qi, deydi. O‘zlari tarixni, matematikani yaxshi biladi.

– Qiyin masalalarni yechib beradimi?

– Aslo, yechish yo‘llarini tushuntiradi. Kechagi dars haqida emas, ertaga o‘tiladigan darsni ham o‘qing­lar, ustozlaringdan tushunmaganlaringni so‘rab olasizlar, deydilar.

– Ayangiz-chi, o‘qishlaringiz bilan qiziqadilarmi?

– Bo‘lmasam-chi! O‘qigan kitoblarimizgacha so‘rab chiqadi. Badiiy kitoblarning hammasini o‘qiydi. Biz darsdan so‘ng va ta’tilda mollarni dalaga boqishga olib chiqardik. Ayam hammamizga kitob soladigan sumkaga o‘xshash xaltalar tikib bergan. Hammamiz o‘zimizga mos kitoblarni xaltachamizga solib, mol boqishga chiqardik. Ammo bu yil mol boqmadim. Dadam kitob o‘qi, dedilar, kitob o‘qidim.

– Siz izlagan kitoblar maktabda bormi?

– Yo‘q, maktab kutubxonasidagilarni o‘qib bo‘ldim. Tuman ARMidagilarni ham. Ustozimning juda boy kutubxonasi bor. Foydalanishimizga ruxsat berganlar. Ustozim ikkinchi onam bo‘ladilar. Biz, o‘quvchilarini juda yaxshi ko‘radilar, xuddi farzandlari kabi.

– Sizlarning bellashuvin­gizni ota-onangiz zalda turib kuzatdimi?

– Yo‘q, ularning kelishini o‘zim istamadim. Tumanda ham, viloyatda ham shunday qilgandim.

– Nega?

– Ular hissiyotlarini bildirib qo‘yadilar. Bu meni shoshiradi. Faqat ustozim yonimda bo‘lishini xohlayman. Meni bosiqlik bilan qo‘l­lab turadilar. Hayajonlarini sezdirmaydilar. Hozir ham o‘n kundan buyon yonimdalar. O‘g‘illari ham sog‘inib ketgan. Ustozim meni o‘zimdan ko‘p tushunadilar. Xolis va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadilar.

– Sinf sardorimisiz? Goho ustozlar darsda bo‘lmay qolishsa, sinfdoshlaringizni qanday boshqarasiz?

– Tengdoshlarim ulg‘aygan sari o‘zgarib boryapti. Ularni fikr va qat’iyat bilan sinfda ushlab turish mumkin. Men shunga harakat qilaman.

– Ayni paytda kimlarning asarlarini o‘qiyapsiz?

– Yonimda Anvar Obidjon va Jek London kitoblari bor. Anvar Obidjon qiziq misollar bilan chuqur fikrlashga o‘rgatsa, Jek London matonatga o‘rgatadi. Chingiz Aytmatov ham shunday. “Martin Iden“ni o‘qish qiyinroq bo‘lsa ham o‘qiyverdim. O‘tkir Hoshimovning hamma kitoblarini o‘qidim. Ustozimga “Ikki eshik orasi“dagi Robiyani yaxshi ko‘rdim. Ra’noni yomon ko‘rib qoldim, desam, “Yoshing ulg‘aysa, tushunasan, Ra’noni“, dedilar.

– Endi qaysi kitoblarni o‘qimoqchisiz?

– Bellashuvda she’riyatga oid shartlarni bajara olmadim. Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburdan yuztadan g‘azal yodlashim kerak. Hali o‘qimagan kitoblarim ko‘p. Ustozimning tavsiyasi bilan o‘qiyman. Maktabni bitirguncha rus va ingliz tillarini chuqur o‘rganaman. Arab va yapon tilini o‘rganishim kerak. Ammo bu tillarni tumanimizda turib o‘rganib bo‘lmaydi. Katta shaharlarga o‘qishga borsam, o‘rganaman.

– Qaysi kasbni tanlamoqchisiz?

– Ustozimga o‘xshab o‘qituvchi bo‘l­gim keladi. Ammo ustozim “Jurnalist bo‘lishing kerak“, deydilar. Ustozim nima desalar, shunday bo‘ladi.

– Ko‘p kitob o‘qishning nima foydasi bor?

– “Qo‘liga kitob olganlar dunyoni qo‘lga oladi“, deydilar ustozim. Kitob o‘qiganlar hech kimga yomonlik qilmaydi, jamiyatga, odamlarga foydasi tegadi, deyman men.

Mahliyo bilan yosh qizcha bilan emas, tengdoshim kabi gaplashdim. Suhbatimiz hali beri tugayotganga o‘xshamaydi. O‘zimning oy yorug‘ida kitob o‘qiganlarim, maktab va kolxoz kutubxonasidagi kitoblarni o‘qib tugatib, tuman markaziga qatnaganlarim yodimga tushdi. Shunda Mahliyo kabi izdoshlarim paydo bo‘layotganiga shukrona keltirdim.

Xosiyat BOBOMURODOVA,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.