Press "Enter" to skip to content

Uzoq umr ko‘rish sirlari

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Uzoq umr ko‘rish va uning siri nimada?

Insoniyatni doimo bir muammo o‘ylantirgani-o‘ylantirgan: qanday qilib uzoq umr ko‘rish mumkin? Hatto bundan ikki ming yil muqaddam buyuk Lukretsiy o‘z asarlarida, jumladan, “Tabiat haqida” nomli kitobida bu masala yuzasidan mulohazalar bildirgan. Xo‘sh, odam uzoq yashay olmasligiga nima sabab? Qarish-qartayishning boisi ne?

Avvalo, shuni aytish kerakki, hayot hamma narsani o‘z izmiga soladi. Insonning keksayishi ham ma’lum qonuniyatga asoslangan. Qolaversa, olimlarning ta’kidlashlaricha, qarilik qator kasalliklarning rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Yoshi bir joyga borib qolganlar ko‘proq ateroskleroz, rak, qandli diabet, arterial gipertoniya, yurak ishemiya­si xastaliklaridan vafot etadilar. Bu kasalliklarning paydo bo‘lish mexanizmini tushunish uchun esa, qarish va yosh potologiyasi (a’zolardagi kasalliklar, yosh ortib borishi bilan organizm hayot faoliyatida bo‘ladigan o‘zgarishlar) o‘rtasidagi aloqani aniqlash lozim. Bunda bir necha ko‘rinishlar ham bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Tibbiyotning otasi Gippokratning ta’kidlashicha, uzoq umr ko‘rishga jismonan mashq qilish, toza havoda aylanishning o‘rni bo‘lakcha. U qarilik 70 yoshda boshlanadi, deb hisoblaydi. Pifagor esa qarish inson hayotining oxirgi 20 yilini — 60 dan 80 yoshgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi, deb ta’kidlagan.

Boshqalar yosh ketishini ehtimollik jarayoniga yo‘yib, u organizmga ko‘pdan-ko‘p ichki va tashqi omillarning ta’sir etishidan, deydilar. Menimcha, genetik o‘zgarish qarish emas, balki organizmning buzilishi bilan bog‘liq moddalar almashinuvi jarayonidir. Hayot ana shu qonuniyatga asoslanadi. U har qaysi organizmda turlicha kechishi mumkin. Masalan, sichqon 2 yil, fil 100 yil yashashi aniqlangan. Bundan bitta xulosa chiqadi: qarish qachon boshlanadi, degan gapga o‘rin qolmaydi. U jinsiy xujayralar urug‘lanishi bilan birga rivojlanadi. Gap shundaki, tabiatda ba’zi mavjudotlar 300 yil, hatto ming yilgacha yashashi mumkin. Ammo. nega inson emas?

Uzoq yashash sirini kashf etish hozirgi davrning muhim muammolaridandir. Bu yo‘nalishda anchagina ibratli ishlar amalga oshirilayotir.

Olimlarimizning tinimsiz izlanishlari tufayli kasalliklar, ayniqsa, yuqumli xastaliklarga qarshi kurashishning samarali usullari ishlab chiqildi. Kishilarning yashash sharoiti o‘zgardi, ijtimoiy ahvoli yaxshilandi. Ammo, shunisi ajablanarliki, bir necha ming yillardan buyon insonning umr ko‘rish imkoniyati biologik jihatdan oshgan emas. Tadqiqotchilarimiz hozir bu yoshni 90 atrofida deb hisoblamoqdalar. Aslida-chi? Axir dunyoda bundan ham uzoq umr ko‘ruvchilar bor-ku!

“Yoshini yashab, oshini oshaganlar” haqida gapirganda shuni aytish kerakki, ular juda ozchilik bo‘lib, 115-120 yoshgacha umr ko‘rishgan. Kavkazda bu ko‘rsatkich biroz yuqori bo‘lishi mumkin.

Sharq xalqlarida igna bilan davolash keng taraqqiy etganligi hammaga ma’lum. Ular ichida uzoq umr ko‘rish nuqtasi degan tushuncha ayniqsa shuhrat qozongan. Bu haqda qator afsona, rivoyatlar mavjud. Ulardan birida aytilishicha, Kunchiqar mamlakatning podshosi eng keksa kishini saroyga taklif etibdi. 242 yoshli Matle degan keksa inson tashrif buyuribdi.

— Qanday qilib siz bunday tabarruk yoshga kirdingiz? — deya so‘rashibdi undan.

— Buning hech qanday siri yo‘q, — deb javob beribdi qariya, — Men har to‘rt kunda jismimdagi uzoq yashash nuqtasini kuydirib turaman.

So‘ngra Matle yig‘ilganlarga o‘sha nuqtani ko‘rsatibdi.

Bu, ehtimol, afsonadir, ammo olimlar hozir uzoq umr ko‘rish nuqtasini qo‘zg‘ash organizmni mustahkamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga, insonning uzoqroq umr ko‘rishiga imkoniyat tug‘dirishiga ishonch hosil qilmoqdalar.

Bunda ikki yo‘l mavjud. Avvalo, organizm kasallik rivojlanishiga qarshi kurasha olishi lozim. Bu shuning uchun ham muhimki, qarish pirovard natijada xastalik paydo bo‘lishiga olib keladi. Bordi-yu, biz faqatgina rak va yurak, qon-tomir kasalliklarini tugatgan taqdirimizda ham inson umrini 10-11 yil uzaytirishga erishgan bo‘lardik. Qolaversa, menimcha, qarish jarayonini susaytiradigan qandaydir malham yaratish zarur. Zero, bu borada dunyoda necha ming yildan buyon harakat qilinadi. Ammo. ming afsus, hozircha natija yo‘q.

Ovqatlanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ham uzoq umr ko‘rishning birlamchi omillaridan hisoblanadi. Jismonan chiniqish, sport bilan shug‘ullanish bu jihatdan yanada samarali natijalar berishi mumkin. Bundan tashqari, olimlar hozirgi payt­da uzoq yashashning yangi forma va usullari ustida tadqiqotlar o‘tkazmoqdalar. Masalan, enterosorbtsiya yo‘li bilan oshqozon-ichakdagi soklar va qonni zaharli moddalardan tozalash bo‘yicha boshlangan tajriba, geninjeneriya shunday xayrli harakatlardandir.

Hozir gerontologiya — qarish haqidagi fan oldida juda katta muammolar turibdi. Ularni hal etish insoniyat kelajagida muhim o‘rin tutishi shubhasiz. O‘shanda balki yosh o‘tgan sayin kishining intelektual kuchi va ijodiy ish bilan shug‘ullanishi kamayib boradi, degan gaplarga hojat qolmas. Binobarin, o‘tmishda, “buyuk qariyalar” bu fikrni inkor etadigan darajada ishlashgan: Gyote, Pikasso, Stravinskiy, Rubenshteyn 80 yoshlarida eng bebaho asarlarini yaratishgan. I. P. Pavlov shu yoshda ilmiy ishlar yozgan.

Volter bejiz aytmagan: “Qarilik — nodon uchun qish bo‘lsa, olimga ayni o‘rim-yig‘im davridir”.

Xullas, uzoq yashash siri hozircha muammoligicha qolmoqda. Biroq olimlarimizning izlanishlari mazkur sohada anchagina yutuqlarga erishish mumkinligidan dalolat beradi. Bizning hozirgi eng muhim burchimiz yashab turgan umrimizni qisqartirib qo‘ymaslik. Buning uchun mashhur olim, akademik I. P. Pavlovning yana quyidagi o‘gitlariga amal qilish foydadan holi bo‘lmaydi: “Inson 100 yil hatto undan ham ko‘p yashashi mumkin. Lekin biz o‘zimizning tiyiqsizligimiz, pala-partishligimiz, o‘z organizmimizga nisbatan shafqatsizligimiz tufayli bu muddatni ko‘p yillarga qisqartirib boramiz”.

Qurbonmurot Pirimov, shifokor

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Uzoq umr ko‘rish sirlari

Qancha umr ko‘rish — bu albatta, taqdirdan. Lekin inson umriga zavol bo‘luvchi va aksincha, uni uzaytiruvchi omillar ham talaygina. Olimlar ayni shunday omillar ustida ish olib borib, uzoq umr ko‘rish uchun tavsiyalar taqdim etishmoqda. Ular bir qaraganda, oddiy, ammo muhim bo‘lib, salomatligimizga ijobiy ta’sir etadi.

1 daqiqalik kulgi umrni 5 daqiqaga uzaytiradi.

Albatta, hech kim sekundomerlar bilan bir daqiqa kulib, umr uzayishini o‘lchab, tekshirib ko‘rmagan. Bu tadqiqotni amalga oshirish ham kulgili bo‘lardi, chunki inson uzoq umr kechirishiga bir necha omillar ta’sir etadi. Biroq kulgu va tabassum yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi, tushkunlikni haydaydi. Doim yaxshi kayfiyatda bo‘lgan insonni esa, turli kasalliklar ham enga olmasligi isbotlangan.

Ovqatlanishni 40 foizga qisqartirish bilan umrni 1,5 barobarga uzaytirish mumkin.

XX asrning 1930 yillarida AQShning Virjiniya Universiteti olimlari to‘g‘ri va yengil ovqatlanish umrni uzaytirishini isbotlagan edilar. Chunki ko‘p va og‘ir hazm bo‘ladagan ovqatlar hazm qilish tizimida jiddiy muammolar keltirib chiqaradi. Bu esa, ko‘pgina kasalliklarga yo‘l ochadi.

Amerikalik gerantolog va immunolog shifokor Rey Uolford to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha quyidagi qoidalarni tuzib chiqqan:

 Uzoq umr ko‘rishni istagan odam avvalo, katta bo‘lishi kerak, ya’ni, yosh bolalarga parhez qilish umuman tavsiya etilmaydi.

 Ochlik ham tavsiya etilmaydi. Ochlik bilan inson umrini aksincha, qisqartirish mumkin.

 Iste’mol qiladigan ovqatlaringiz 2000-1800 kkal kaloriyadan kam bo‘lmasligi lozim.

 Iloji boricha, vitaminlarga boy tabiiy mahsulotlar bilan oziqlanishga odatlaning. Sabzavot va mevalardan ko‘proq iste’mol qiling.

 Rafinadlangan shakardan umuman voz keching.

Haftasiga 5 marotaba 30 daqiqadan piyoda yurishni odat qiling va umringizni 2 yilga uzaytiring.

Bu tadqiqot Garvard Universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan bo‘lib, ular gipodinamiya va u keltirib chiqaradigan kasalliklardan saqlanish uchun doimiy tarzda insonga tushadigan eng kam jismoniy bosim qancha bo‘lishini o‘rganib borishgan. 72 nafar hamshiralar bilan o‘tkazilgan tadqiqot shuni isbotladiki, ular orasida piyoda yurishni odat qilganlarda insultga chalinish xavfi kamaygan.

Ijodiy ishlar bilan shug‘ullaning va umringizni 5-6 yilga uzaytiring.

Bu tadqiqot esa, AQShning Texas Universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan bo‘lib, inson ijodiy ish bilan zavqlanib shug‘ullanar ekan, unda surunkali tushkunlikdan qochishi olg‘a suriladi. Shuningdek, ijodiy ish yakuniga etgach, inson tiniqib uxlaydi. Bu esa, organizm va miyaning miriqib dam olishini ta’minlaydi. Yaxshi dam esa, kishiga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

Ko‘rsatkichlar

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, inson umrining uzayishi 10 foiz salomatlikka, 20 foiz naslga, 20 foiz ekologiya va iqlimga, 50 foizi esa, yashash tarziga bog‘liq. Demak, turmush tarzimizni yaxshi tarafga o‘zgartirish o‘z qo‘limizda. Shunday ekan, uzoq umr ko‘rishga shoshiling.

Hayot arifmetika emas, lekin…

Albatta, hayot arifmetika emas, sonlarni, daqiqalarni qo‘shib, ayirib, hisob-kitob bilan umrimizni uzaytira olmaymiz. Biroq ko‘pgina tadqiqotlar bir umumiy echimda birlashmoqda. Ya’ni, kasalliklarning oldini olish, ijtimoiy, jismoniy faol bo‘lish, yomon odatlardan voz kechish, a’lo kayfiyat va tiniqib uxlash bilan inson salomatligini saqlay oladi va uzoq umr kechiradi.

Uzoq umr ko`rishning siri nimada?

Insoniyat qadimdan uzoq umr ko`rish sirlarini topishga harakat qiladi. Amerikada istiqomat qilgan ispan tadqiqotchisi Ponse de-Mon odam organizmida “yoshlik favvorasi”, professor Mechnikov “qarilik zahri”, Siolkovskiy esa “his etuvchi va fikrlovchi atomlar” mavjud deb hisoblab, bu borada ko`plab ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Biz bilan zamondosh gerontologlar (umrni uzaytirish bilan bog`liq fan mutaxassislari) bildirayotgan fikrlarga ko`ra, yaqin kelajakda insonlar 200 yil, hatto 300 yillab umr ko`rishi mumkin ekan. Ushbu fikrni tasdiqlovchi dalillar bor, albatta.

Monreallik genetik olimlar tomonidan qurtlarda “geniogenlar” (“qarilik genlari”) kashf qilindi. Olimlar tadqiqot davomida “qarilik genlari”ni olib tashlashgach, qurtlarning umri 5 barobarga uzaydi. Ayni paytda ularining faolligi oshish bilan birga, oziqlanishga ehtiyoji keskin kamaydi. Oradan ko`p o`tmay inson a`zolarida ham “qarilik genlari” borligi aniqlandi. Endilikda mutaxassislar mazkur masalaga jiddiy yondashsalar inson umri bir necha barobarga uzayishi mumkin.

Tadqiqotchilarning ta`kidlashicha, inson a`zolarida paydo bo`ladigan kislorodning faol shakllari uning keksayish jarayonini tezlashtiradi. Kislorodning faol shakllari ichki organizmdagi barcha hujayralar tarkibiy qismi va yurak qon-tomir faoliyatini ishdan chiqaradi. Bunga qarshi yagona chora — ochlik deyilmoqda. Olimlar ro`za kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytirishini, ro`za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o`n marta ko`payishini ilmiy isbotlagani bejiz emas.

Shuningdek, iste`mol qilinayotgan oziq-ovqatning kaloriyasi qanchalik yuqori bo`lsa, kislorodning faol shakllari shunchalik ko`payadi. Shuning uchun uzoq umr ko`rishni istovchilar kam kaloriyali ovqatlar bilan birgalikda ho`l meva va sabzavotlarni ko`proq tanovul qilishlari hamda sharbatlar, dorivor giyohlar damlamalari va ko`k choy ichishlari maqsadga muvofiqdir.

Tadqiqot natija berdi

AQShdagi qarilikni o`rganish Milliy instituti olimlari tomonidan ochlik bilan umrni uzaytirish ustida olib borilgan tadqiqot natijalari e`lon qilinganda, buni keng jamoatchilik katta qiziqish bilan qarshi oldi. Yarim yil mobaynida 48 nafar odam iste`mol qiladigan oziq-ovqatning odatdagi me`yoridan to`rtdan bir qisminigina tanovul qilish bilan cheklandi. Natijalar esa ularning a`zolarida qarishni to`xtatish jarayoni keskin kuchayganini ko`rsatdi.

Uzoq umr ko`ruvchilar qaerda?

Gerontologlarning fikricha, sayyoramizda eng uzoq umr ko`ruvchilar Abxaziya, Pokistondagi Xunza viloyati va Ekvadordagi Vilkabambe qishlog`i aholisi hisoblanadi. Har uchala hudud ham tog`li joylar bo`lib, u erlarda istiqomat qiluvchilar bir asr umr ko`rsalar-da, ruhan va jismonan tetikligi bilan ajralib turadi. Olimlar ularning hayot tarzini o`rganishganda, bu erlik aholining bolalikdan to`yib ovqatlanmasligi va ko`pincha och yurishga ko`nikkani ma`lum bo`ldi. Shuningdek, ular iste`mol qiladigan oziq-ovqatlarning aksariyat qismini ho`l meva va sabzavotlar tashkil qilib, asosiy vaqti esa toza havoda jismoniy mehnat qilish bilan o`tishi aniqlangan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Yaponiyada ham 100 yoshga kirganlar soni soat sayin o`sib bormoqda. 1963 yili bu erda 153 nafar 100 yoshga kirgan odam ro`yxatga olingan bo`lsa, hozirda ularning soni 36 ming nafardan ko`pni tashkil etadi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, uzoq umr ko`ruvchilarning hayot tarzlarida ayrim o`xshashliklar bor. Masalan, ularning hech biri ortiqcha vazndan aziyat chekmaydi. Ma`lumki, organizmdagi to`plangan yog`lar yurak faoliyatiga salbiy ta`sir o`tkazib, qon-tomir sklerozi xastaligini keltirib chiqarishi mumkin. Shu boisdan ham uzoq umr ko`rish garovi — parhez. Yog`li taomlardan qochib, ko`proq sabzavotlar, ko`katlar, ho`l mevalar iste`mol qiling. Stresdan saqlaning. Uzoq yashashning yana bir shartiga ko`ra, hech qachon jismoniy harakatdan erinmaslik kerak.