Bashorat so'ng haqiqatga aylangan yozuvchilar asarlari
I.G`.: Taraqqiyotning darajasiga, globallashuvning muqarrarligiga mos adabiyot dunyoga keladi. Qisqalik, lo`ndalik, rostlik va shunga yarasha yangicha ifodaviylik bu adabiyotning belgisiga aylanar, ehtimol. Zamon juda tez. Adabiyot esa tez yaratilmaydi. Adabiyot izhor sifatida qoladi va yashaydi.
Bu qiziq, bashoratga aylangan yozuvchilar asarlari
Badiiy adabiyotdagi ba’zi asarlarda yozilgan hodisalar o‘nlab yillar yoki asrlar o‘tib o‘ngidan kelgan holatlar ham bo‘lgan.
Ba’zi yozuvchilar nafaqat ulkan adabiy iste’dodi, balki o‘z kitoblarida yozganlari haqiqatga aylanishini bilmasdan turib kelajakda bo‘lib o‘tadigan voqealarni bashorat qilgan.
Ular yashagan davrda adabiy asarlar ilmiy fantastika turkumiga kirgan va hech kim insoniyatning kelajakdagi katta fojialari to‘g‘risida o‘qiyotganini xayoliga ham keltirmasdi.
Titanik halokati
Minglab odam halok bo‘lgan Titanik fojiasi 1912 yilning aprel oyida Atlanika okeanida sodir bo‘lganidan ko‘pchilikning xabari bor.
Ajablanarlisi, 1898 yilda yozuvchi Morgan Robertson o‘zining “Titan halokati” romanini nashr etdi, unda cho‘kishi mumkin emas deb hisoblangan “Titan” kemasining halokati to‘g‘risida hikoya qilingan edi.
Robertsonning romanidagi Titan kemasi asar chiqqanidan 14 yil o‘tgach suzib yuruvchi muztog‘ga urilib cho‘kkan Titanik kabi cho‘kib ketadi.
Oyga safar
Yozuvchi Jyul Vern ham o‘zining bashoratlari bilan tanilgan. U kelajakdagi dunyo haqida 108 taxminni ilgari surdi, shundan 98 tasi amalga oshib, haqiqatga aylandi.
Yozuvchi “Yer markaziga sayohat” asarida Yer yuzida uning yadrosida bo‘lgani kabi hayot va odamlar borligini kashf etgan guruh haqida hikoya qiladi.
Yozuvchining 1868 yilda nashr etilgan “Yerdan Oyga qarab” kitobidagi bashorati esa bundan ham ajablanarli. Fransuz muallifi o‘z romanida Oyga sayohatga jo‘nab ketgan uch dovyurak kishi haqida hikoya qiladi. Erkaklar Floridadan Yerning sun’iy yo‘ldoshiga qarab sayohat qilishdi, so‘ng Tinch okeaniga qo‘nishdi. Bir asr o‘tgach, insoniyat o‘tmishda to‘qima deb hisoblangan ushbu voqeaning guvohi bo‘ldi.
Uch astronavt Florida shtatidan yozuvchi tomonidan hatto kema kattaligigacha aniq tasvirlangan “Appolon-8”da oyga parvozni amalga oshirdi. Guruh Tinch okeaniga qo‘ndi.
Asar voqealari yarim asr o‘tgach amalda yuz berdi
Ba’zi tarixchilar yozuvchi Edgar Allan Poni vaqt mashinasida sayohat qilgan yoki hech bo‘lmaganda kelajakni ko‘ra olish qobiliyati bor yozuvchilardan deb hisoblashadi.
1838 yilda yozuvchi “Artur Gordon Pimning sarguzashtlari” kitobida kema qulashi natijasida tirik qolgan, yeguliklari tugagandan so‘ng ilojsizlikdan ishchilardan birini yeyishga qaror qilgan 4 dengizchi haqida hikoya qilingan. Qur’a tortish natijasi Richard Parker ismli yunga(kichik matros)ni ko‘rsatdi.
Edgar Po ta’kidlashicha, asarda tasvirlangan voqealar haqiqatda ro‘y bergan. Faqat u bu voqea kelajakda bo‘lib o‘tishini ko‘rsatishni unutgan.
Deyarli yarim asr o‘tib, 1884 yilda Magnolet kemasi halokatga uchradi, 4 kishi omon qolib, uning a’zolari bir kishini yeyishga majbur bo‘ldi. Tanlov kimga tushganligini tushungandirsiz, ha-ha, aynan yunga Richard Parker omadsiz bo‘lib chiqdi. Vaqt o‘tib, dengizchilar so‘roqqa tutilganda yuqorida aytib o‘tilgan kitobni o‘qimaganliklarini aytgan.
Bashorat Omonova. Surat (hikoya)
O‘smir o‘n oltiga qadam qo‘ydi. Beqaror hayot, mo‘‘jizakor tabiat boshqacha ko‘rina boshladi. O‘zini tushunadigan odamning suhbatiga intiq bo‘la boshladi. Kim bo‘lsa ham mayli. Lekin kim u? O‘nidagi odamlarmi? Ular beparvo, loqayd. Tiriklik tashvishlariga ko‘milib qolishgan. Tengqur o‘rtoqlari, sinfdoshlarimi? Yo‘q.
Kundan-kunga o‘jarlashib, odamoviga o‘xshab qoldi. Faqatgina kitoblar uning sodiq sirdoshi, ajralmas hamrohi edi. U stol ustida turgan «Fizika»ga qarab qo‘ydi. O‘ta murakkab, qora harflarga burkangan fizika qonunlari u o‘qigan ajoyib fantastika olamiga ko‘pam yaqinlashavermasdi.
Eynshteyn. «Tabiatdagi hamma narsalar nisbiydir. Borliq nisbiy. ». U qachon buni sezib qolgan, qay holatda iqror bo‘lgan?
U o‘zi kashf etgan olamda tanho edi.
U stol ustiga kaftlarini tiragancha hovliga nazar tashladi.
Bu uy to‘satdan kirib qolgan odamga sirli qasrday ko‘rinishi shubhasiz. Otasi rassom edi. Rassom bo‘lgandayam dong‘i ketgan, taniqli rassom edi. O‘g‘li otasi chizgan rangtasvirlarni yaxshi ko‘rar, otasi bilan faxrlanardi. Endi u payqagan voqealar shunday hashamatli xonadonlariniyam ko‘ziga g‘amgin va g‘arib ko‘rsatardi.
Otasi boshqa bir ayolni sevib qolgandi. O‘g‘li uning fe’lini yaxshi bilsa-da, odamovi bo‘lib qolganining sababini ana shu sevgiga bog‘ladi.
Otasining qiziq odatlari bor. O‘zi yotadigan xonani doimo qulflab yuradi. Hech kimni kiritmaydi. Gohida onasi yotoqxona changlarini artib chiqadi xolos, ukalari bo‘lsa eshik yaqiniga yo‘lashmaydi ham.
Otasi yotadigan o‘rinning bosh tomoniga chiroyli ayolning surati ilingan. Avvaliga, bola uni shunchaki yaxshi ishlangan san’at asarlaridan biri deb qaradi. Otasining tungi yurishlari, ichib jazavaga tushganda hamma narsadan kamchilik topib onasiga o‘dag‘aylashlari, hali go‘dak ukalarini zirillatishlari, so‘ng esa o‘sha surat qarshisiga borib qadalib qolishlari, shundan keyin yuvosh tortib uxlashlarini o‘zicha kuzatgan o‘smir aniq xulosaga keldi. Otasi xuddi shu suratdagi ayolni sevib qolgandi.
— Bechora onamning aybi nimada? — deb o‘yladi u. — Gunohi o‘qimaganligimi? Kecha-yu kunduz otamning injiqliklarini ko‘tarib, keldi-ketdisiga qaraganimi? Hattoki, ayollar ham uyga kelib mashqlarini ko‘rsatib ketishadi. Onasi bechora ularniyam beta’ma, malol kelmay kutib oladi, kuzatib qo‘yadi. Bu ayol ham ikkita rasm chizib: «Iltimos, shuni qarab bering», — degan. Otasi esa u chizgan suratdan ham ko‘ra, uning chiroyiga mahliyo bo‘lib qolgan.
— Hayvonlar suratini chizishni yaxshi ko‘raman, — degan ayol rasmlarini uzata turib, — manavi tulki bilan xo‘roz. Ikkoviyam ovga chiqqan.
— Boplabsiz, — telbalarcha tikilgan otasi, — juda chiroyli chiqibdi. Ikkoviyam yemish ilinjida yo‘lga chiqqan. Va kutilmaganda uchrashib qolishgan. Tulki xursand, xo‘roz esa. Hm. Yaxshi.
— O‘tiring, sizning suratingizni chizaman, — degan otasi.
Omadi kelgan juvon oromkursiga yalpayib o‘tiraqolgan. Chiroyli kulib bergan. Taniqli rassom bolalariga, xotiniga mehrsiz ekanini mana shu devonavor qilig‘idanoq bilib olgan.
Bola o‘rnidan turib, karavot suyanchig‘iga tiralgancha ingrandi. Bu olifta xotin oldida o‘zlarining nechog‘li tahqirlanganini, otasining qanchalar ojizligini ko‘z oldiga keltirib beixtiyor yig‘lagisi keldi. Ehh, hammaning nazarida farovon, to‘kis tuyulgan hayotga ming la’nat. Onasi esa buncha sodda, buncha go‘l bo‘lmasa. «Hech narsani sezmaydiyam, — g‘azabi keldi, — balki, sezar. Bolalari uchungina erining xiyonatiga ko‘nib yashar».
Bu — dahshat. Bolaning ko‘zlari katta-katta ochilgancha devordagi bir nuqtaga tikilib qoldi. Otasiga nisbatan tengsiz nafrat dilini o‘rtadi. Qaniydi, maktabni tezroq tugallasa-yu, bir chog‘roqqina kulba bo‘lsayam topib, onasini, ukalarini olib bu uydan ko‘chib ketsa.
Biroq hozir o‘zining ilojsizligini, onasi singari ojiz ekanligini tan olib battar siqila boshladi. Esini taniganidan buyon otasi ular bilan bir dasturxonda ovqatlanmaydi, ochilib gaplashmaydi. Ota bo‘lib bolalarini suymaydi, erkalamaydi. Otasi hovliga kirishi bilanoq ukalari o‘yinlarini yig‘ishtirib qochib qolishadi. Yaxshi yeb-ichish, kiyinishu mol-dunyo deb onasi otasiga qarshi hech narsa deyolmasligini his etib, bola qiynaladi.
Otasining yaqin do‘sti Yusuf amakining bir gapi esiga tushdi: «Katta o‘g‘ling onasiga o‘xshaydi, xuddi onasi-a, qo‘yib qo‘yganday, yo tavba».
— Him, — otasining yoqimsiz ovozi eshitiladi. — O‘xshamay qayoqqa borardi. Qo‘y. shuni eslatma hozir.
Bolaning alami keldi. Karavotga g‘ujanak bo‘lib yotib oldi.
— Anvar.
Kattakon gulli tovoqda qovurdoq ko‘targan onasi kirib keldi. Ovqatni stolga qo‘yib, o‘g‘li yoniga o‘tirdi. Hozirgina suzilgan ovqatdan xonaga yoqimli hid taralardi.
— Haliyam yotibsanmi, bolam, — kaftini o‘g‘lining peshonasiga bosdi, — hech qayering og‘rimayaptimi?
— Yo‘q, hech joyim og‘rigani yo‘q.
— Hozir o‘sadigan, suyaging qotadigan payt, yaxshi ovqatlanib, o‘zingga qarash o‘rniga, kundan-kunga ozib ketayapsan.
Bola onasining qo‘llaridan tutib ko‘zlariga termuldi.
— Onajon! Siz biram yaxshi, biram yaxshisizki.
— Rostdan-a? — onaning yuzlari quvonchdan yorishib ketdi.— Biz juda baxtlimiz. Hamma narsamiz yetarli. Sog‘miz. Qornimiz to‘q. Istagan narsangni olib berishga qurbimiz yetadi. O‘g‘lim, sen hali yoshsan. Faqat yaxshi o‘qishni o‘yla. Ovqatingni yevol, sovib qoladi, — ketishga chog‘landi u.
Onajonim. — ma’yus termulib qoldi bola. Yuragi g‘ashlangani bois beixtiyor tezroq kech tushishini, tun bo‘lishini istab qoldi. Jimlik, sukunat, qorong‘u tun va tushlar uning yolg‘iz ovunchi edi. Faqat tushlaridagina bir chiroyli, farishtamisol go‘zal nigoh uni avaylab olib yuradi, bir mehribon qo‘l silab-siypab, suyib-suyib erkalaydi. So‘ng, shirali ovozda ertaklar aytib beradi. Shunaqangi ajoyib ertaklarki. To esini taniganidan buyon bu sharpa uning sevimli hamrohi. Uning ertaklari tong yorishgach, uyqudan turishi bilanoq butunlay yodidan ko‘tariladi, harchand uringani bilan hech eslolmaydi. Go‘yoki quyoshning beshafqat nurlari uning jozibador mo‘‘jizakorligini ko‘mib tashlaydi. Go‘yoki ularni yolg‘onga aylantiradi. Xuddi hech qachon ular bo‘lmagandek.
To‘g‘ri, onasi tushidagi o‘sha mehribon ayoldek yaxshi ertak aytolmaydi. Shundoq bo‘lsa ham onasini juda yaxshi ko‘radi. U yozuvchi bo‘ladi. Yozganlarini esa hech kimga ko‘rsatmaydi. U faqat o‘zi uchun yozadi. Bu dunyoning ziddiyatlarini o‘zicha yechgandan so‘ng, ularni qog‘ozga tushiradi.
Muhabbat, sevgi haqida esa hech qachon yozmaydi.
Zamon yaralgandan buyon muhabbat eng oliy tuyg‘u deb qaralgan. Uni boshidan o‘tkazgandan ko‘ra, his eta bilmagan odamlar to‘lib-toshib yotibdi dunyoda. Modomiki, sevgi telbalik, devonalik, oilasiga nisbatan befarqlikni keltirib chiqarar ekan, yaxshisi bu tuyg‘udan begona bo‘lgan ma’qul. Undan qochish kerak. Uning qahramonlari shijoatli odamlar bo‘ladi.
Ertasi kuni kutilmagan voqea yuz berdi. Otasi xona eshigini ochiq qoldirib, qo‘shnilarnikiga chiqib ketdi. Anvar yugurib ichkariga kirdi-yu, karavot tepasida ilingan ayolning suratiga qaradi.
Juda go‘zal ayol. Ilhom bilan chizilgan. Surat yoniga esa katta kartina ilingan. Pastida yozuv «Oy. Yarim tun». Diqqat bilan tikildi. Manzara juda tabiiy chiqqan. Qarashi bilanoq, kishi o‘zini go‘yoki o‘sha joyda turganday his qiladi. G‘amgin daraxtlar. Katta-katta, shapaloqdek barglar oralab oyning yog‘dusi zo‘rg‘a yerga intiladi. Oy nurlari biram kuchsiz, biram ojiz. Bolaning yuragi uvishdi: buncha og‘ir manzara. Barglar oy yog‘dularini zamindan qizg‘anib tutib olishga harakat qilayotganday. Daraxt shoxlari esa o‘ziga itoat qilmayotgan bebosh yaproqlaridan ozorlanib, boshlarini aybdorona quyi eggandi. Ajoyib chizilgan. Uf-f. Nimadir bor. Nimadir. Nigohi beixtiyor ayol suratiga qadalarkan, xayolan gaplasha boshladi «Nimaga kulasan? Bizning ustimizdan kulayapsanmi? Yo otamni telba, devonavor qilganingdan mamnunmisan? Ayt, uni bizdan begonalashtirib nimaga erishmoqchisan.
Sen. Sen go‘zal emassan. Eng xunuk ayolsan dunyoda. Ming la’nat senga. Men baribir o‘ch olaman sendan, tinch qo‘ymayman, — bola qachon, qay tarzda qasos olishini o‘zi ham bilmay o‘jarona qayta-qayta takrorlardi, — baribir o‘ch olaman».
Qadam sharpasidan xavotirga tushgan bola tezgina eshikka yo‘nalarkan, so‘nggi marta tun manzarasi chizilgan kartinaga qaradi — «Oy. Yarim tun. ». Baribir bu yerda nimadir bor. Nima u?
Dahlizda ikki juft ko‘zlar sovuq to‘qnashishgach, so‘zsiz o‘tib ketishdi. O‘smir sezdi — otasi faqat onasini emas, uniyam yomon ko‘radi. Bola hali oldinda o‘zi uchun bundan ham iztirobli, noxush voqealar borligini tasavvur ham qilolmasdi. Bu to‘satdan ro‘y berdi.
Maktabdan ayni peshin vaqti qaytdi. Har doimgidek tayyor ovqatni yeb, ustidan sharbat ichdi-da, javondan «Sirli hodisalar antologiyasi» kitobini olib xonasiga yo‘naldi. Dadasining xonasi ochiq edi, eshikdan sekin mo‘raladi. Onasi supurib, sidirib xonani tozalayotgan ekan. Ajabo, onasi kutilmaganda ho‘l lattani polga tashladi-yu, quruq latta bilan stulga chiqdi. So‘ng, so‘ng. anavi. ayol portreti chetlarini arta boshladi. Xuddi shunday bo‘lishi kerakdek. Anvarning ichidan bir ingroq kelib, shart ortiga burildi-yu, tashqariga otildi.
Payt poylab onasi xonadan chiqib ketishini kutib turdi. So‘ngra. Quloqlari shang‘illadi.
«Onasiga o‘xshaydi, o‘g‘ling-a, xuddi onasi. ». O‘smirning ko‘zlariga alamli bir o‘kinch qalqib chiqdi. Karaxt tortgan miyasiga ana shu so‘zlar yarq etib urildiyu, shahd burilib xonaga kirdi. Suluv juvon suratiga qattiq nafrat bilan tikildi. Ko‘z oldida hozirgina bu surat chetlari changlarini beparvo, betuyg‘u artayotgan onasi ko‘rindi.
Yo‘q, u onasiga o‘xshamaydi. Umuman, o‘xshamaydi. O‘xshamasligini hozir isbot etadi. Birinchi o‘chini oladi bu ayoldan, faqat birinchisini. Oppoq choyshablar to‘shalgan karavotga ikkilanmay shippagi bilan chiqdi-yu, portretni devordan kuch bilan ajratib oldi. Mushti bilan bir urib ramkasidan chiqardi. Mana, u kulib turgan xushsurat juvonga juda ham yaqin kelib qoldi, istehzoli iljaydi.
—Mana bo‘lmasa, — lablari alamli burilib suratni uzunasiga shart ikkiga yirtdi.
So‘ng, yana, yana.
— To‘xta, yaramas. — tog‘ni titratgudek guldurak ovozdan cho‘chib tushdi. Otasining yuzlari dahshatli edi.
— Nima qilib qo‘yding, axmoq, — polda yotgan surat parchalarini qo‘liga tutamladi, — uni nega yirtding, gapir!
Ko‘zlari ola-kula bo‘lib, o‘g‘liga tarmashdi.
— Gapir, hozir seni o‘ldiraman, o‘ldiraman.
Vahshiy hayqiriqni eshitgan ona ota-bolanining yoniga yugurib keldi:
— Voy, nima qilayapsiz?
Ayol o‘g‘lini ajratib olish uchun erining qo‘liga yopishdi.
— Qo‘yib yuboring deyman, sizga nima bo‘ldi, eh xudoyim-ey.
— Yo‘qol! — eri tirsagi bilan shunday turtdi-ki, ayol polga gursillab tushdi. Bola ikki qo‘llab bor kuchi bilan otasining ko‘kragidan itarib onasiga otildi. Uni poldan turg‘izmoqchi bo‘ldi.
Rassomning ovozi bu safar yig‘lagudek ingranib chiqdi:
— Axir u. axir. u onangning rasmi edi-ku.
Bola polga cho‘k tushgancha qotib qoldi. Onasi esa:
— Baribir aytdingiz-da shuni, — dediyu yig‘lagancha tashqariga chiqib ketdi.
Rassom boshini qo‘llari bilan changallangancha stulga o‘tirdi.
— Bu surat eng noyob nusxa edi. Uning qanchalar qimmatli ekanini bilsayding-a, nomard! — o‘ziga o‘zi gapirganday davom etdi u, — uni o‘ziga qarab chizgan edim. Xuddi mana shunday qarshimda o‘tirgan edi. O‘shanda u qanchalar baxtli edi. Biz sening tug‘ilishingni kutardik. U yetim o‘sgan edi. Qismat eng achchiq sinovlarni kichkinaligidanoq uning boshida sinab ko‘rgan edi. Yaxshi yashashga, yashagandayam juda baxtli yashashga haqqi bor edi. Uning uchun kuchimni ayamadim. Puldor odamlarning buyurtmalarini, portretlarini kechasi bilan chizib chiqardim. Shunday kunlarning birida u sekin ortimdan kelib yonimga o‘tirgan. Faqat pul uchungina jon kuydirayotgan karaxt ko‘zlarimga, charchoq vujudimga go‘yo taskin, kuch, orom bermoqchi kabi sening tug‘ilishing yaqinligini eslatgan. Keyin, keyin shunday chiroyli tabassum qildi-ki. Hamma narsani yig‘ishtirib, onangning portretini chiza boshladim.
Rassom polda g‘ujanak bo‘lib o‘tirib qolgan o‘g‘liga qattiq tikildi.
— Men endi hech qachon bunaqa surat chizolmayman. Sen mening yolg‘iz quvonchimdan judo qilding!
Yaxshisi. sen tug‘ilmasliging kerak edi. U qanchalar qobiliyatli edi. Agar hozir tirik bo‘lganda ajoyib yozuvchi bo‘lardi. Shunday hikoyalar yozardi-ki, go‘yo she’rga o‘xshardi, — rassom go‘yo alamli, o‘ta qayg‘uli judolik yillari orasida zo‘r berib, mashaqqat bilan eng yorqin damlarini terib olayotgandek to‘xtab-to‘xtab gapira boshladi:
— O‘zimni qiynagan allaqanday, nomlab bo‘lmas dardlarni, hayotning eng murakkab paytlarini o‘z-o‘zimcha tahlil etaman, ma’nosini anglagach qog‘ozga tushiraman, derdi. U yozardi, men esa chizardim, u menga ranglar tanlab berardi. Biz qanchalar baxtli edik. Go‘yo ikkimiz bir odamdek edik. Bunday bir xil tabiatli odamlarning topishishi, ozod, hech ozorsiz muhabbat dunyosini qurishi, bilasanmi, yer yuzidagi juda kam insonlargagina nasib etgan. Sen uni mendan judo qilding. Sen menga umuman kerakmassan!
Rassom vujudiga allaqanday dahshatli kuch quyilib, ko‘zlari olayib ketdi. O‘g‘liga devonavor tikildi.
— Sen uni ikki marotaba o‘ldirding, birinchisida kechiruvdim, bu safar bu qotilligingga yarasha jazo olasan. Men seni o‘ldiraman!
U telbalarcha kela solib o‘g‘lini bo‘g‘a boshladi. Itoatkorona, hayratli ko‘zlar bilan bu dunyo allaqachon o‘zi uchun baribirga aylangan, sabr kosasi to‘lgan vahshiy nigohlar uchrashdilar. Shunda. Kutilmaganda rassomning qo‘llari shalvirab tushdi. Shart burildi-yu, to‘satdan deraza tomon intildi.
— Uv-v-v.
U endi odam emas edi. Inson qiyofasidagi sher edi. Sher bo‘lgandayam sayyod tomonidan eng nozik joyidan yaralangan sher edi. U endi bu tor xonalarga sig‘masdi.
Allamahal, yarim tunda qaytgan rassom har doimgidan ham battar tund, o‘jar qiyofada edi. U sekin, sharpadek yurib o‘g‘lining xonasiga kirdi. Xona yorug‘ edi. Karavot tepasiga keldi. Rassom egilib uning yuzlariga tikildi. Uxlaganda ham chehrasi o‘kinchli, norozi edi. «Yig‘labdi, bolam bechora, qovoqlari shishib ketibdi».
Rassom necha yildan buyon o‘g‘li ikkalasi orasida yoqimli yaqinlikni his etdi. Bola qadrdon, aziz tuyuldi. Beixtiyor uni quchoqlagisi, sochlaridan silab, erkalagisi keldi. Lekin uyg‘otib qo‘yishdan cho‘chidi. Ko‘z-ko‘zga tushsa yana qanday holat yuz berishidan xavotirlandi.
Endi e’tibor qildi, bola surat parchalarini shunday yopishtirib chiqibdiki, uzoqdan qaralsa hecham bilinmaydi. Yoniga borib sinchiklagan kishigina sezishi mumkin, g‘ijimlariniyam tekislabdi!
Kulimsiradi. Chetlariga yaltiroq qog‘oz qilib, devorga osib qo‘ydi. So‘ng, o‘g‘lining yostig‘i tagidan uchi chiqib qolgan qog‘ozni qiziqsinib tortib ko‘rdi. Xuddi shunday qiyofa chizishga harakat qilibdi. Alammi, o‘kinchmi, allanimadir xalaqit qilgan. Yo‘qsa, o‘xshatardi. Rassom bu ishni o‘g‘li eplay olishiga astoydil ishondi. Chiroqni o‘chirib, tunchiroqni yoqdi. Stulni o‘g‘lining karavotiga yaqinlashtirib o‘tirarkan, miyasiga xotiralar quyila boshladi.
Esladi. Oppoq palata. Yolg‘iz karavot. Xotinining so‘nggi kunlari. Oldiniga ko‘p gaplashishga ruxsat etishmadi. So‘ng, sochlariga oq oralagan o‘rta yoshli do‘xtir:
— Mayli, qancha mumkin bo‘lsa shuncha gaplashavering, — deb shart burilib jo‘nab qoldi. Rassom sezdi. Uning ko‘zlarida yosh bor edi. Otilib kirib, xotinini bag‘riga bosdi.
— Keldingizmi? Xudoga shukur, — xotini dardli pichirladi.
So‘ng u negadir ravon gapira boshladi:
Tuzalishim qiyin.
— Unday dema. O‘tinaman, yolvoraman, unaqa demagin.
— O‘lsam ko‘p yig‘lamang, so‘z bering menga, kasal bo‘p qolasiz. Keyin. Siz uylaning, xo‘pmi?
— Gapirma. kerakmas, — ingradi eri, — agar senga biron nima bo‘lsa, men ham yashay olmayman.
— Yo‘q, gapimni bo‘lmang. Do‘stu dushmanlaringiz oldida xor bo‘lishingizni, hovlimizda faqat sukunat bilan g‘am yashashini xohlamayman. Bolalaringizning qiyqirib kulishlarini istayman.
U og‘ir-og‘ir nafas ola boshladi. Gapirish qiyin bo‘layotgandi. Keyin to‘satdan esiga tushib:
—O‘g‘limni ko‘rgim kelyapti. Uni avaylang, ismini Anvar qo‘ying. Nur degani. Ma’yus otlarni yomon ko‘raman. men endi boray.
Qo‘llari shalvirab tushdi.
— Yo‘q, — rassom o‘kirgancha unga tashlandi, — ketma!
Shundan so‘ng, u uch yil uydan tashqariga chiqmadi. Uy ishxonaga aylandi. Qog‘oz, qalam, bo‘yoq, ranglar uning dardlarga, iztiroblarga to‘lgan hayotining ovunchi bo‘ldi.
Chaqaloqni katta opasi o‘rab-chirmab yetti bolasi ustiga olib ketdi. Shu kunlarda opasidan yaqin suyanchig‘i, sirdoshi, ko‘makchisi yo‘q edi. Bor topgan-tutganini uning uyiga tashidi. Mashinasiniyam yangligicha pochchasiga berib qo‘ydi. Qayerga bormasin jomadonini kiyim-kechaklarga to‘lg‘azib kelardi.
Bola to‘rt yoshgacha otasidan begonasirab yurdi. Gap uqadigan bo‘lgach, har qalay ammasi ta’sirida bo‘lsa kerak, otasini kutadigan, sog‘inadigan odat chiqardi. Bola tabiatan tund, indamas otasidan o‘zi qiziqtirgan barcha savollariga javob berishini talab qilardi, javobidan qoniqmaguncha holi-joniga qo‘ymasdi. Gap orasida esa tinmasdan onasini so‘rar, yarasini battar yangilardi. Ammasi bola ko‘ngli uchun uning onasi uzoqda, faqat samolyot bilan boradigan joyda, do‘xtirda yotganligini, tuzalsa hademay kelib qolishini aytgan, yosh go‘dak yuragida yoqimli bir umid uyg‘otgan, shunga ishontirgan edi. Bir kuni ichib kelganida, o‘g‘ilchasi xarxasha qilib qoldi.
— Oyimni qachon olib kelasiz.
Bunaqa savollariga biron nima vaj qiladigan ota ortiq dosh berolmasligini bilib, baqirib yubordi. Qachongacha chidash mumkin. Endi uning gap anglaydigan yoshi. Mayli bilsin. Qaytangga yolg‘onlarga chek qo‘yiladi. Umidi uzilib, hamma qiynoqlar barham topadi.
— Onang o‘lgan, tushundingmi? Seni tuqqan payt o‘lgan. Evaziga sen dunyoga kelgansan. Men uni o‘z qo‘llarim bilan ko‘mganman, eshitdingmi? Qaro yerga mana shu qo‘llarim bilan o‘zim ko‘mganman. Endi bilgandirsan uning qayerdaligini. — alam bilan stol ustidagi chiroyli vazani polga uloqtirdi.
— A-a-a. — bolaning ko‘zlari katta-katta ochilgancha g‘ujanak bo‘lib oldi, so‘ng tirishib, qaltiray boshladi.
Otasi kayfi uchib telefonga chopdi, qo‘shnilariga yugurdi.
O‘g‘li bir oy kasalxonada yotdi. Yuragida jiddiy o‘zgarish bor, tutqanoq bo‘lish xavfi yaqin, qattiq qo‘rqqan deyishdi. Opasi to‘qigan yolg‘onda erkak kishi his etolmaydigan allaqanday nozik sir yashiringanini tan oldi:
— Kechir, bolajon, men seni aldadim. Aroq ichgan edim, mast edim. Onang uzoqda davolanayapti. Bilasan-ku, axir, men har doim uni ko‘rgani boraman.
Bolaning ko‘zlari charaqlab ketdi. Baxt ufurdi. Ishonch g‘olib keldi. Go‘dak tez orada bu ko‘ngilsiz voqeani unutdi. Beg‘ubor tasavvurlari bilan yana topishdi. U endi hech qachon otasidan ona haqida so‘ramasdi. Noxush gaplar eshitishidan, otasining fe’li yomonligidan, aldamchiligidan zada bo‘lib qolgan edi.
Faqat so‘zsiz, sadosiz ma’yusgina ko‘zlari bilan so‘raydi. Otasining nigohlari esa bema’no.
Rassom uylandi. Har qalay, o‘g‘li tuzalib ketgan bo‘lsa-da, uni tez-tez do‘xtirlar ko‘rigidan o‘tkazib turdi. Sog‘lig‘i haqida qayg‘urdi. Vafot etgan xotinini yana tushida ko‘ra boshladi. Allazamondan buyon tushlariga kirmay qo‘ygandi. Bolasiga ozor yetganini sezdimikan?
Bolasi kamdan-kam odamlargagina nasib etadigan mo‘‘jizaviy, muhabbatdan yaralgan edi-ku. Uni nohaq xafa qildi. Oldingiday kasal bo‘p qolsa-ya!
Endi nima qilish kerak. Rassom o‘rnidan turib ayvonga chiqdi. Tamakini burqsitib ichiga tortarkan, yon tomondagi xonaga sovuq, beparvo nigoh tashladi.
U yerda qismatning eng azobli damlariga giriftor bo‘lgan mehribon, munis bir AO‘L, jafo bilan limmo-lim qadahlarni har kuni simirayotgan sabr-toqatli AO‘L uch go‘dagi bilan qushday uxlab yotardi. Goh sovuqda bolalari usti ochilib qolishidan qo‘rqib, goh.
Rassom derazadan oqib kirayotgan tunga najot bilan bir pas termulib turdi-da, so‘ng o‘g‘lining yoniga qaytdi. Egilib sochlaridan o‘pib qo‘ydi. Derazadan esa qop-qora tun ichra bir nigoh ularga juda ma’yus, juda g‘amgin boqib turganday edi.
Buyuklar haqiqatlari: Ibrohim G`ofurov axborot zamonida dovdirayotgan adabiyotchilar haqida
Ibrohim G`afurov – teran mushohadali munaqqid, mahoratli tarjimon, yoniq so`zli jurnalist, dilbar mansuralarning shoiri, taniqli jamoat arbobi. Qattol 1937 yilda tug`ilgan zakovatli va orif bu inson 83 yoshida ham yoshlik shavqi va muhabbatini saqlagan, aql va hissiyot iskanjasida ko`z yorgan haroratli so`zi bilan elni bahramand qiladi. Qomusiy bilim egasi va gumanist adib bir adabiy ocherkida Said Ahmadni «prozaning shoiri» deb ataganidan so`ng o`ziga «tanqidning shoiri» degan atamani orttirgan va bu nom unga juda yarashadi.
– Mashhur bir komediyaning qahramoni bolalarcha soddalik bilan: «O`zi siz ham qachonlardir bola bo`lganmisiz?!» – deydi. Hayotning yuki kattalar elkasida bo`lgan, bolalar esa betashvish, bokira va beg`ubor bo`lganlar. Necha yasharlik paytlaringizni eslay olasiz?
Ibrohim G`AFUROV: Uch-to`rt yasharlik paytlarimni es-es xotirlayman. Dadam elkasiga o`tqazib Chorsi guzariga olib chiqardi. Tuyalarni ko`rardim. Karvonsaroylarda odamlar kuymalanib yurishardi. Ko`klam, yoz, kech kuzgacha Toshkent shimolida yastangan «Teshikqopqa»dagi bog`imizda turamiz.
Toshkentning shimoliy devori ilgari anna shu erlardan, xalq «Teshik qopqoq» deb ataydigan joydagi Qichqiriq soyi bo`ylab o`tgan va Taxtapul yoqlardan cho`zilib kelib Toshkentning g`arbiga – Qorasaroy, Sag`bonlardan o`tib Ko`kchaga qarab borardi. Bolaligimizda Toshkent devorining nuragan, tepalikka aylangan, chim bosib yotadigan, yakkam-dukkam saqlangan erlarida o`ynab, balandliklarida qo`y-echki boqardik. Sal qorong`u tushsa, bu joylar juda vahimali bo`lardi. Bog`imizni yoqalab Qichqiriqqa tomon bir arava sig`adigan, tuprog`i o`ynab yotadigan yo`l o`tardi. Qishda u shunchalar balchiq loyga aylanardiki, undan na ot-arava, na eshak va va na odam o`ta olardi. Odamlar nuragan uylarning devorlariga qapishib olishar, devorni ushlab oyoq uchida shox-shabbaning ustiga ehtiyot bilan qadam bosib yurishardi.
Shahar hovlimiz Chorsida edi. Bizning Chorsidagi ko`chamiz nonvoylar, shirmonpazlar mahallasi bo`lib, mashhur gumbazli Chorsi hammomi va un tortiladigan Kappon ko`chamizda joylashgan edi. Ko`chamiz boshidan tramvay aylanib Ko`kcha tomonga chiyillab, g`iyqillab o`tib ketardi. Chaqardan ham tramvay yurardi. Tramvaylarning jarang-jurunglari guzar bozori atrofidagi tuyalarning mayus qo`ng`iroqlari sadolariga qo`shilardi.
–Siz bir tadqiqotingizda «nasab» va «mansab» so`zi bir o`zakdan kelishini, mansabga nasabga qarab chiqilganini chiroyli yozgansiz. Ajdodlaringiz haqida so`zlab bersangiz.
I.G`.: Ota ajdodlarim shahar dorug`alari va shirmonpaz bo`lishgan. Bu kasb-korlar nasllardan nasllarga meros o`tib kelgan va XX asrning o`rtalariga kelib bizda tugadi, to`xtadi, barham topdi. An`analar uzildi. Endi shirinliklarni zavod-fabriklar, sexlar ishlab chiqaradi. Ona ajdodlarim beklardan bo`lib, ular ibodiylarga mansub edilar.
-«Oltin davr»ingizni – talabalik yillarini xotirlab tursangiz kerak?!
I.G`.: – 1956 yil avgust oyining oxirida universitet hovlisidagi o`qishga kirganlar ro`yxatining oxirgi qatorida o`zimni ko`rib, yuragim yorilguday bo`ldim. Ana shu dam dunyoga kelib yashab ko`rgan-bilgan eng baxtiyor onlardan, eng ulug` quvonchim bo`ldi. Kambag`al katta o`qishga kirsa suyunadi-da! Universitet menga ikkinchi padar bo`ldi, har jihatdan tarbiyaladi. Universitetga muhabbat qo`ydim. Domlalarimga qarab millat ziyolilari, olimlar, insonni tarbiyalovchilar, madaniy kishilar qanday bo`lishini bildim. Ularga ergashishga harakat qildim.
– O`zingiz ham yoza boshlagandirsiz?
I.G`.: Men uchinchi sinfga qatnab yurgan paytlarimdan she`r yozish, to`qishni mashq qilardim. Universitetga kirgach, tarixiy hikoyalarimni ko`tarib yozuvchilar uyushmasiga, Vahob Ro`zimatov huzuriga qatnay boshladim. Vahob Ro`zimatov hech erinmay hamma g`o`r hikoyalarimni o`qib chiqardi. Odmi-odmi maslahatlar berar, ba`zi hikoyalarni ma`qul topsa, redaksiyalarga tavsiya etardi. Ammo tavsiya etilgan biron hikoyam chiqqan emas.
«Tanishuv» degan bir hikoya yozib qo`ygan edim. U 1959 yil may oyida «Saodat» jurnalida suratlar bilan bosilib chiqdi. Universitetga kirib qanday baxtiyorlik tuygan bo`lsam, bu hikoyaning obro`li jurnalda chiqqanidan shunday quvondim. Xuddi shuncha paytlardan beri kuragimga yopishib yotgan qanotlarim yozilganday bo`ldi.
-Qancha shoir-yozuvchilarning saragini-sarakka, puchagini-puchakka ajratgan, o`tkir so`zli tanqidchining o`zlari ham yozuvchilikdan boshlagan ekanlar-da.
I.G`.: Universitet domlalari bizni ijodga rag`batlantirar edilar. Ajoyib inson va yirik olim G`ulom Karimov bizga Muqimiy, Furqat, Zavqiylar ijodini zavq-shavq bilan o`tardi. Shu paytlarda Furqatning ikki jildlik asarlari bosilib chiqqan, men uni juda sinchiklab o`qigan va o`zimga qaydlar qilgan edim. O`zimda tug`ilgan ishtibohlarning ba`zilarini G`ulom Karimov domlaga aytdim. Domla ko`zoynagining bandini og`ziga tutgancha o`ylanib qoldi va so`ng: «Yozing!» – dedi. Men Furqatning ikki tomligi haqida maqola yozdim va domlaga ko`rsatdim. Domla ko`p yaxshi so`zlar aytib alqadi va: «O`zbekiston madaniyati»ga olib boring, Sharif Yusupovga ko`rsating. Uning xabari bor», – dedi. Maqola 1959 yilda «Aniqlik istab» degan sarlavha bilan kattagina bo`lib chiqdi. Menda tanqid matbuotda tez chiqar ekan, degan fikr tug`ildi. Bot-bot taqrizlar, maqolalar yozishga kirishdim. Chiqqani chiqdi, chiqmaganlari qoldi. «Tanishuv»ga qalam haqi berishdi. Egnim nochor bo`lib qolgan edi, yangi ko`k kostyum-shim oldim. Bu adabiyot dunyosining menga kiydirgan ilk to`ni edi.
1969 yili onam rahmatli o`tganda, o`sha tunda tush ko`rdim. Onam mozor darvozasidan kirib keta turib qo`limga chiroyli oltin ruchka tutdi. Onamning chehrasi charaqlab turardi. Bir necha yillar o`tib ikki zot menga xuddi shunday ruchka sovg`a qilishdi. Biri – Komil Yashin, ikkinchisi – Sharof Rashidov. Bu zotlarning menga ishongan qalamlari ishga o`tirganimda doim meni qo`llab turadi.
– Hozir adabiyot Siz uchun nima? Adabiyotning bugun ham odamlarga, ularning fikriyatiga ta`siridan umidvormisiz?
I.G`.: Tasavvurlarim, meni qurshagan muhit, makon, dunyoning qurilishi, to`zimi haqidagi fikrlarim doim o`zgarib, yangilanib turgan. O`quvchilik paytlarimda bir boshqa, talabalik davrida yana bir o`zgacha, mustaqil ish boshlagandan so`ng butunlay boshqa. Keyingi oltmish yil ichida Dunyo ko`z o`ngimizda naqadar o`zgardi. Adabiyotni haqiqatchi deb bilardik. Davlat aytmagan haqiqatni adabiyot aytadi va bu haqiqat uchun kurashadi, deb tushunardik.
– Haqiqat, fakt – bu jurnalistika. Adabiyot – avvalo san`atdir, nazarimda. Haqiqatni aytganda ham qanchalar san`atkorona, badiiyat bilan ayta olgani muhimdir.
I.G`.: Zulm dunyosining barham topib, kelmaydigan bo`lib ketishida adabiyot va adiblarning o`rni qanday bo`lganligini hech kim raqamlar bilan hisoblab chiqmagan. Lekin Bexbudiy, Fitrat, Cho`lpon, Qodiriylarning so`zi qudratli imperiyani titratgan, tom ma`noda larzaga solgan, uning asoslarini hech to`xtamay, hech tinmay zilzilaga solgan. Imperiyaning qulashida ham shu adabiyotning so`zi zo`r xizmatlar qildi. So`z atomdan kuchli ekani isbotini topdi.
-Shubhasiz, juda talabchan tanqidchisiz. Siz tan olib, e`tirof etadigan shoirlar, yozuvchilar bormi? Ularning nimasi maqbul?
I.G`.: Didlar rang-barang. Menga Cho`lpon, G`afur G`ulom, Fitrat, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov she`rlarining quymaligi yoqadi. Yusuf Xos Hojib, Yugnakiy, Yassaviy, sulaymon Boqirg`oniy, Rabg`o`ziy, Xorazmiy, Lutfiy, sakkokiy, Atoiy, Gadoiy, saoiy, Sa`diy, Hofiz, Navoiy, Bobur, Mashrab, Huvaydo, Pushkin, Gyote, Bayron, Shekspir, Servantes, Konfusiy, Tagor, Iqbol tug`ma she`r daholari bo`lib ko`rinadi. Men buni ulardan ilhom va e`joz sirlari yog`ilib kelishidan bilaman.
– Adabiy ta`sirlar haqida fikringiz? Deylik, Lotin Amerikasi adabiyotining o`zbek nasriga ta`siri qanchalik?
I.G`.: Adabiy ta`sir deganingiz – real mavjud xodisa. O`zaro ta`sir, aks ta`sir, o`zaro aloqalar, o`zaro bog`liqliklar haqida ko`p aytiladi. Sovet davrida unga juda katta mafkuraviy urg`u berilgan va siyosiy maqsadlar ham kuzatilgan. Katta adiblar o`z atroflarida ta`sir maydoni yaratadilar. Ijodning qudrati, jozibasi shunga olib boradi. Bunday olib qarasangiz, kimningdir ta`sirini sezmagan bironta ijodkor, san`atkor yo`q. Yo`l ta`sirlanish orqali yuksak originallikka, o`ziga xoslikka o`tadi. Qodiriyning ta`sir doirasi, Qahhorning ta`sir doirasi – bular bor xodisalar. Lekin talant zaif bo`lsa, ta`sirlanish taqliddan nariga o`tmaydi. Taqlid esa ommaviy urchigan narsadir. Birov yaxshi qo`shiq aytsa, ketidan taqlid boshlanadi. Yaxshi she`r tug`ilsa, minglab taqlidlari urchiydi. Ko`pincha ommaviy taqlidlar yuksak asarni ham tezda siyqalashtirib tashlaydi. Lekin taqlid va ta`sirlanish tabiatning o`zida ham bor. «Chillaki chillakini ko`rib chumak uradi», – deydilar. Bugungi adabiyotimiz namunalarida ham ta`sirlanish hodisasini kuzatish mumkin. Xurshid Do`stmuhammad, Nazar Eshonqul prozada, Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Bahrom Ro`zimuhammad she`riyatda avangard adabiyoti namunalarini yaratishga muvaffaq bo`lishyapti. Ularning bir qator asarlari intellektual yuksakligi va falsafiy mag`izdorligi bilan odamni chuqur o`ylatadi. Xurshid ham, Nazar ham Kafka, Kamyu, Kortasar, Borxesni sevib va hatto juda sevib o`qiyotganlari ayon ko`zga tashlanadi. Buni «Maymun etaklagan odam», «Beozor qushning qarg`ishi» kabi qissalar va hikoyalar majmualarini o`qigan kishi sezib oladi. Avangard san`ati ijtimoiy taraqqiyotning mahsuli sifatida shu taraqqiyot etishganda milliy adabiyotimiz va san`atimizga ham albatta kirib keladi. U hozir o`qishlar orqali tug`ilgan ilk qadamlarini tashlayapti. Intellektga murojaat kuchaygan sayin «boshqacha yozish» g`oyasiga ergashuvchilar ham ko`payadi.
-Ibrohim aka, bizning o`zbeklardan ham Nobel mukofoti oladigani chiqarmikin?
I.G`.: Ne-ne buyuk adiblar, allomalar, shoirlar, donishmandlarni o`z bag`ridan etishtirib kelgan, buyuk tarix va buyuk madaniyat yaratgan xalq ichidan nega Nobel yo boshqa yuksak xalqaro mukofotga munosib shaxslar, asarlar etishib chiqmasin?!
-Vatanning, Toshkentning Sizning hayotingizdagi o`rni qanday? Darvoqe, yurtga sayyoh nazari bilan emas farzandlik nazari bilan boqish kerak, albatta.
I.G`.: Barcha xatti-harakatlarimiz, orzu-intilishlarimiz ona yurtimiz borligi, u ozod, mustaqil mamlakat ekanligi bilan ma`no-mazmun kasb etadi. Zar qadrini zargar biladi. Zar bu – ona yurtimiz, zargar uning xalqi, Konstitusion huquqlarga ega fuqarolari. Har birimiz o`zimizni vatanimizga nisbatan zargar deb bilamizmi? Zargar deb qaraymizmi? Masalan, men adabiyotni sevib adabiy tanqidchi bo`ldim. Hayot, adabiyot, odamlar haqida o`qish, yozish, fikrlashni yaxshi ko`raman. Buni ijodgina emas, ijtimoiy amaliyot, yurtimga xizmatim deb bilaman. Ijtimoiy fikrning harakatchanligi, faolligi ijodkorlarga bog`liq emasmi?
– Adabiyotning, siz aytganday, ijtimoiy fikr ta`siridan, badiiy so`zning bugungi taqdiridan qoniqasizmi? Bugungi adabiyot istiqbolda qanday bo`ladi?
I.G`.: Bir qarasangiz, insoniyat adabiyotdan, uning yolg`onlaridan, to`qimalaridan charchaganga, ko`ngil oldiganga o`xshaydi. Juda-juda ozchilik itob o`qiyapti. Yoshlar internet klublariga shoshyapti. Bunday sharoitda Internet va TV bilan raqobat qila oladigan adabiyot vujudga kelishi kerak.
-TV ham, Internet ham kommunikativ vositalardir. Ularning asosi baribir so`zdir. TV yoki kino qahramoni ham so`zlar orqali gapiradi. Internet ham boricha tasvir va matndan iborat. Adabiyot, adiblar dovdirab o`tirmasdan bu vositalardan foydalanishi va ularni zina qilib bugungidan yuksakroq ko`lamga chiqishi kerakdir, balkim.
I.G`.: Taraqqiyotning darajasiga, globallashuvning muqarrarligiga mos adabiyot dunyoga keladi. Qisqalik, lo`ndalik, rostlik va shunga yarasha yangicha ifodaviylik bu adabiyotning belgisiga aylanar, ehtimol. Zamon juda tez. Adabiyot esa tez yaratilmaydi. Adabiyot izhor sifatida qoladi va yashaydi.
Dunyoning internetlashib borish jarayonini esa to`xtatib bo`lmaydi.
Hali aql bovar qilmaydigan kashfiyotlar yuzaga chiqadi. Ular miyamizni ham, hissiyotlarimizni ham o`zgartirib yuboradi.
-Ibrohim aka, kechgan umrga boqib, nimadan suyunasiz, nimadan kuyunasiz?
I.G`.: Odam bolasi hur tug`ilganligini har damda his qilib, sezib tursa va har damda odamday yashasa, shunga suyunaman. Odam bolasi dunyoga kelib o`zi qodir bo`lgan ishni qoyillatib ado etayotgan bo`lsa, shunga suyunaman. Odam bolasi katta mehnat qilib, samarasini ko`rsa, mehnati g`adr topsa, shunga suyunaman. Odam bolasi o`z oldiga ezgu maqsad qo`yib, shu yo`lda g`alabaga intilsa, shunga suyunaman.
Odam bolasi foydasiz ish, foydasiz so`z, bexuda orzular ketidan quvib yashayotgan va o`z holini baholay olmayotgan bo`lsa, shunga kuyunaman.
-Millatimizning tabiatidagi qanday xususiyatlar Sizga maqbul? Mentalitetimizning qaysi jihatlaridan ko`nglingiz qoniqmaydi?
I.G`.: Millatimiz hali shakllanishda bo`lgan millatdir. Uning mehnatsevarligi, farzandlari ilmli bo`lishiga intilishi, nekbinligi, sabr-qanoatliligi, ayollarning shafqatli, fidokorligi umidbaxshdir. Soddalik, anaxronizmga aylangan, ma`nosini yo`qotgan rasm-rusumlarga tolib bo`lib yurishi, ko`nikib kun kechirishga moyilligi odamni o`ylantirib qo`yadi. Ko`ndalang turgan muammolarni hal qilib olg`a intilishning vaqti allaqachon etgan. Shoir aytganday, o`zini shirin yolg`onlarga chulg`ab yashashning sira ma`nosi qolmadi. Behuda narsalarga ishonish, mutelik, laqmalik qobiqlaridan batamom xolos bo`lish kerakdir, ehtimol.. Insonlikning qadrsizlanishi juda chuqur tanazzulga olib boradi. Mening aqidam shu: har bir inson noyobdir. Unda koinotning musavvirlik siri mujassam. Hayotning real qimmati – insondir.
Karim BAHRIEV suhbatlashdi.