Press "Enter" to skip to content

Mehnat qilish haqida eng sara hadislar

“Mehnat qilish ham ibodat ekan, namozga nima hojat”, degan tushuncha xato, bunday deyish bilan kishining imoni ketadi. Zotan, mehnatning ibodat hisoblanishi namozlarni to‘kis ado etish, haromdan qochish bilan bo‘ladi. Luqmasining halol bo‘lishini istagan kishi quyidagi besh narsaga diqqat qilishi lozim:

Ish va mehnat haqida maqollar

Birovning bergani — ko’rgulik,
Mehnatning bergani — to’ygulik.

Bozoringni o’zing qil,
Tegirmoningni o’zing tort.

Bor-bor, ishda bor,
Ishlamagan nonga zor.

Boqsang — bog’, boqmasang — tog’.

Bog’ jamoli — bog’bondan.

Bog’ kimniki — bog’bonniki.

Bog’bonga tog’ yarashmas,
Biyobonga — bog’.

Bog’ni boqsang — bog’ bo’lur,
Botmon dahsar yog’ bo’lur.

Boqimsiz bog’ tog’ bo’lur,
Yurak-bag’ring dog’ bo’lur.

Bo’lsa hamki qo’riq yer,
Hosil berar, to’ksang ter.

Gap bilan osh pishmas.

Gap bilan shoshma, ish bilan shosh.

Gap bilan o’roq o’rish oson.

Gap bilguncha, ish bil.

Gap — boshqa, ish — boshqa.

Gapga — chechan, ishga — mechan.

Gapni oz so’zla,
Ishni ko’p ko’zla.

Daraxt yaprog’i bilan ko’rkam,
Odam — mehnati bilan.

Daraxt — havodan, odam — mehnatdan.

Daryo suvini bahor toshirar,
Odam qadrini mehnat oshirar.

Do’kon to’qisang, bo’z bo’lar,
Charx yigirsang, ip bo’lar.

Do’lanani ko’rganda tog’ esingdan chiqmasin.

Yer boylikning onasi bo’lsa,
Otasi — mehnat.

Yer — ona, suv — ota,
Mehnat — boylik.

Yer ochganning baxti ochilar.

Yer — xazina, mehnat — kaliti.

Yer egasi bo’lma, mehnat egasi bo’l.

Yer qazimasang, oltin chiqmas,
Qarmoq solmasang — baliq.

Yomg’ir bilan yer ko’karar,
Mehnat bilan — el.

Jon koyitmay, ish bitmas.

Jon kuydirmasang, jonona qayda,
Toqqa chiqmasang, do’lona qayda.

Zavqsiz ish — shavqsiz ish.

Iz quvgan izlaganini topar.

Izlaganga tole yor.

Izlagan olim bo’lar,
O’ylagan — fozil.

Intilgan elga yoqar.

It itga buyurar,
It — quyrug’iga.

It yursa, so’ngak topar.

Ish bilan vaqt tez o’tar.

Ish bilan qishning mushkuli bitar.

Ish bilganniki,
Qilich tutganniki.

Ish bitar bo’lsa, haybarakallachi ko’payar.

Ish bor yerda osh bor.

Ish bor yerda xato bor.

Ish boshlaganda — ermak,
Bitmay qolsa — emgak.

Ish buyurdim olti tozga,
Olti toz qo’ydi yozga.

Ish do’sting — jon do’sting.

Ish — insonning gavhari.

Ish ishni topar,
Ko’r — ko’rni.

Ish, ishning ketiga tush.

Ish ishtaha ochar,
Dangasa ishdan qochar.

Ish kuchini yelga berma, yerga ber,
Jamg’armani selga berma, elga ber.

Ish oshga tortar,
Yalqovlik — boshga.

Ish seni yengmasin,
Sen ishni yeng.

Ish ustasidan qo’rqar.

Ish qilganga qop-qop,
Qilmaganga bo’sh qop.

Ish qila olmagan ish tanlar.

Ish qolsa — mehnat,
Osh qolsa — davlat.

Ish quroling soz bo’lsa,
Mashaqqating oz bo’lar.

Ish g’ayratlidan qo’rqar.

Ishga — qo’nim, hosilga — unum.

Ishdan qo’rqmagan — qishdan qo’rqmas.

Ishlagan yerni yashnatar,
Ishlamagan — qaqshatar.

Ishlagan osh tishlar,
Ishlamagan tosh tishlar.

Ishlagan tishlar,
Ishlamagan kishnar.

Ishlagan xor bo’lmas.

Ishlaganning ishi bitar,
Kishnaganning kuni o’tar.

Ishlik kehb, ish orttirar,
Ishsiz kehb, ish qoldirar.

Ishlikning peshonasi terlar,
Ishsizning — bo’yni.

Ishni istaganga emas, bilganga topshir.

Ishning zo’rini mard qilar.

Ishning ko’zini bil,
Erning — tilini.

Ishning o’zini bilguncha, ko’zini bil.

Ishsevarni el sevar.

Iqbolni mehnat ochar.

Yigit degan er bo’lar,
Mehnat ko’rsa, sher bo’lar.

Yigit husni — mehnatda.

Yigitning baxtini mehnat ochar.

Yig’lab-yig’lab yop qazisang,
Kulib-kulib sug’orasan.

Yig’lab-yig’lab marza olsang,
O’ynab-o’ynab sug’orasan.

Yo’l yurgan xazinaga yo’liqar.

Yo’rtgan — o’zar, yotgan — to’zar.

Yo’rg’a otning yo’li bo’lar,
Jo’rtoqining sho’ri bo’lar.

Kezi kelsa, ketmon chop.

Ketgan keltirar,
O’tirgan narx so’rar.

Ketmon chopdim — non tishladim.

Ketmon chopmoq — olmoq-solmoq,
Qo’sh haydamoq — bormoq-kelmoq,
O’roq o’rmoq — o’ynamoq,
Hay-hay ishning og’iri,
Xamir qilmoq, non yopmoq.

Kiygiz kimniki — bilak shuniki.

Kindik qoning to’kilgan joyda joning bor,
Mehnat qilgan yerda moling bor.

Kishi bersa — ko’rimli,
Mehnat bersa — to’yimli.

Kishining qo’lidan ishini olsang,
Og’zidan oshini olasan.

Kumushdek ter to’ksang,
Gavhardek dur olarsan.

Kun qizig’i demagin,
Suyagingni sindirmas.

Salqinni ko’p ko’zlama,
Salqin jonni tindirmas.

Ko’kdan emas, yerdan topasan.

Ko’klam — mehnat bilan ko’rkam.

Ko’nglingni birga ber,
Kuchingni yerga ber.

Ko’ringan tog’ning yirog’i yo’q.

Ko’chatni o’tqazmasang — ko’karmas,
Maqsadni istamasang — topilmas.

Mard yigitning labi yog’lik,
Dangasaning boshi qonlik.

Mardning mardi maydonda sinalar,
Yigitning yigiti — mehnatda.

Mashaqqatsiz baxt kelmas,
Mehnatsiz taxt kelmas.

Mehnat baxt keltirar.

Mehnat bilan yer ko’karar,
Duo bilan — el.

Mehnat va o’qish — og’a-ini.

Mehnat yerda qolmas,
Oltin — yo’lda.

Mehnat kishini boqar,
Yalqovlik o’tga yoqar.

Mehnat, mehnatning tagi — rohat.

Mehnat — rohatning poydevori.

Mehnat tovoq to’ldirar,
Minnat toq kuydirar.

Mehnat shuhrat keltirar,
Yalqovlik — la’nat.

Mehnat etsang erinmay,
To’yar qorning tilanmay.

Mehnat — e’tibor garovi.

Mehnat qancha og’ir bo’lsa,
Keti shuncha shirin bo’lar.

Mehnat qilgan moy oshar.

Mehnat qilding, xo’p qilding,
Minnat qilding, yo’q qilding.

Mehnat qilib topganing,
Qandu asal totganing.

Mehnat qilmay rohat ko’rmas,
Urug’ sepmay ekin o’rmas.

Mehnat qilsang, ko’ksing tog’,
Hurmat qilsang, diling bog’.

Mehnat qilsang, yasharsan,
Katta-katta osharsan.

Mehnat qilsang qaram bo’lmaysan.

Mehnat qilsang qirga,
Qaram bo’lmassan qo’lga.

Mehnat ham egiz-egiz,
Davlat ham egiz-egiz.

Mehnatda sinalgan elda aziz.

Mehnatli non — shakar,
Mehnatsiz non — zahar.

Mehnatli osh osh bo’lar,
Mehnatsiz osh — tosh.

Mehnatning ko’zini topgan
Boylikning o’zini topar.

Mehnatning noni — mazali,
O’g’rining urari — azali.

Mehnatning noni — shirin,
Yalqovning joni — shirin.

Mehnatsiz bilak — o’rinsiz tilak.

Mehnatsiz ish bitmas,
Erinchoqning qo’li yetmas.

Mehnatsiz rohat bo’lmas,
Savobsiz — jannat.

Mehnatsiz topilgan mol hisobsiz ketar.

Mehnatsiz turmush — tuzsiz osh.

Mehnatsiz turmush — o’g’irlik.

Mehnatsiz et yemaydi, bit yeydi.

Ming so’zdan bir ish yaxshi.

Mingta chiroyli so’zdan,
Bitta xunuk ish yaxshi.

Mol boqqanga bitar.

Mol — boqqanniki,
Yer — ekkanniki.

Mol boqqanning barmog’idan moy tomar.

Mol boqqanning moliga boq,
Boqmaganning — holiga.

Mol semirsa, yog’ bo’lar,
Yer semirsa, bog’ bo’lar.

Non yemoqchi bo’lsang,
O’tin tashishdan erinma.

Nonni mehnat topgan,
Mehnatni non topgan.

Obro’ topaman desang, kamtar bo’l,
Qarimay desang, mehnat qil.

Obro’ning onasi — mehnat,
Otasi — sa’yi harakat.

Ovni yo ko’rinmagan otar,
Yo — erinmagan.

Odam — gavhar, qo’li — gul.

Odam ishdan chiqmaydi,
Odamdan ish chiqadi.

Odam qo’li cho’lni bo’ston qilar.

Odamni po’stin emas, ish qizdirar.

Odamning qo’li — gul.

Odamning husni — mehnatda.

Oyog’ing tap-tap etmasa,
Og’zing shap-shap etmaydi.

Oz yesang, ko’p yashaysan,
Mehnat qilsang, ko’p oshaysan.

Olay desang mo’l hosil,
Mehr qo’yib mehnat qil.

Oltin o’tda bilinar,
Odam — mehnatda.

Oltmishingda olma eksang,
Yetmishingda yemishin yersan.

Ot oyog’idan topar,
Odam — qo’lidan.

Ota boyligi yeiga singar,
Mehnat boyligi — elga.

Oq tuya cho’kmas, ko’k tuya turmas.

Oq qo’l — osh egasi,
Kuch qo’l — ish egasi.

Podachi qizining g’ayrati
Poda qaytganda kelar.

Pul yo’q deb qayg’urma,
Ish yo’q deb qayg’ur.

Rohatning onasi — mehnat.

Sen ishni quvsang,
Non seni quvar.

Sepgan xirmon qilur,
Sepmagan — armon.

Sovut kiyib ma’raka*da jon bergan,
Ketmon urib kecha-kunduz non bergan.

So’ziga boqma, ishiga boq.

So’zing kumush bo’lsa,
Ishing — oltin.

Tek turmagan to’q turar.

Terga botgan zaiga botar.

Terlab ishlasang, to’yib yeysan.

Tindim tunda, tinmadim kunduzi,
Bo’ldi qo’y telpagim qunduzi.

Tinmas kampir oyog’i
Oydinda chars yigirar.

Tirishgan yer ustida yashar,
Tirishmagan — yer ostida.

Tirishgan och qolmas.

Tirishgan tog’dan oshar,
Ter to’kkan baxtli yashar.

Tirishgan — er,
Tirishmagan — qora yer.

Tirishqoqning teshasi
Toshga chega qoqar.

Tirishqoqning teri chiqquncha,
Ishyoqmasning joni chiqar.

Tovuq ham tirmalab to’yinar.

Tusiga qarama, ishiga qara.

To’kilgan — tering, ishlagan — yering.

To’kilsa manglay tering,
Unumli bo’lar yering.

To’rt xotin bir bo’lsa,
Kasbi — o’lan aytish.

Uyqu — g’aflat, mehnat — rohat.

Uringan ish o’rinsiz qolmas.

Uxlagan uyqu olar,
Uxlamagan — yilqi.

Xazina g’oyibdan emas, mehnatdan.

Xarakash eshak yo’lga yaramas.

Xotin-qizning ishini tovuq cho’qib bitirolmas.

Charx yigirsam pul bo’lar,
Boshim dasta gul bo’lar.

Yaxshi-yaxshi yigitlar,
Eshigimga qui bo’lar.

Cho’pchak degan cho’p bo’lar,
Teraversang, ko’p bo’lar.

Elning ko’rki — er bilan,
Erning ko’rki — ter bilan.

Emgak etsang, emarsan.

Er — ishlagan yerda aziz.

Er yigit nomi bilan,
Mehnatda shoni bilan.

Er xizmatdan topar.

Erning g’ayrati tog’ni qo’zg’atar.

Yurti boyning o’zi boy,
Mehnat qilganning qo’li moy.

Yutuqning kahti — mehnat.

Abjir bo’lsa o’g’loning,
Cho’ldan don terar.

Yaxshi bo’lsang kelinchak,
Bo’la ko’rma erinchak.

Qaziybersang, tog’ ham qular.

Qarasang — bog’man,
Qaramasang — dog’man.

Qarasang, qand yersan,
Qaramasang, pand yersan.

Qizil yuzni sarg’aytma,
Aziz qo’lni qavartir.

Qimirlagan qir oshar,
Tig’izlagan tog’ oshar.

Qozon o’tdan, odam harakatdan qizir.

Qorning to’ysa, kekirma,
Bekor yurib, bo’kirma.

Qulday bo’lib ishlasang,
Boyday bo’lib yasharsan.

Quldek ishla,
Bekdek tishla.

Qush qanoti bilan tirik,
Odam — mehnati bilan.

G’ayrat etgan tog’ni kesar,
G’ayrat temir arqonni uzar.

G’ayratlidan ilon qochib qutulmas.

G’ayratlidan quyon qochib qutulmas.

G’ayratlining yuragi qaynar.
G’ayratsizning yuragi o’ynar.

G’ayratsiz bilak — o’rinsiz tilak.

Hamma narsaning otasi — mehnat.

Har kungi va’dabozlikdan,
Bir kungi jonbozlik yaxshi.

Harakating — sog’liging,
Mehnating — boyliging.

Himmat — elning tayanchi,
Mehnat — rohat quvonchi.

Hurmat qilsang, hurmat ko’rasan,
Mehnat qilsang, davron surasan.

Hurmating — savlating,
Mehnating — davlating.

 

Mehnat qilish haqida eng sara hadislar

O‘zgalarga muhtoj bo‘lmaslik uchun mehnat qilish insonning fazilatidir.

Anas ibn Molik (r.a.)dan rivoyat qilinishicha, Tabukdan qaytayotgan Janobimiz (s.a.v.) o‘zlarini qarshi olgan Sa’d bin Mu’oz (r.a.)ga dedilar:

– Ey Mu’oz, qo‘llaringdagi nimaning izi?

Sa’d bin Mu’oz (r.a.) javob berdilar:

– Yo Rasululloh, ketmon chopib, oilamni boqayapman. Bu izlar o‘shandan.

Shunda Rasululloh (s.a.v.) hazrati Mu’oz (r.a.)ning qo‘llarini o‘pib:

– Bu qo‘llarni jahannam otashi kuydirmaydi, – dedilar.

Kunlarning birida yosh yigitning erta sahardan ishga ketayotganini sahobiylardan ba’zilari yoqtirmay gapirishdi. Ular orasida bo‘lgan Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar:

– Unday demanglar! Agar u ishga birovga muhtoj bo‘lmaslik, ota-onasi va oilasi ahlini zoriqtirmaslik uchun ketayotgan bo‘lsa, har qadami ibodat. Lekin agar niyati qo‘lga kiritadigan puli bilan maqtanish, kayf surish bo‘lsa, uning sherigi shaytondir.

Yuqoridagi rivoyatlardan ma’lum bo‘ladiki, musulmon kishining yaxshi niyat bilan mehnat qilishi ibodat.

“Mehnat qilish ham ibodat ekan, namozga nima hojat”, degan tushuncha xato, bunday deyish bilan kishining imoni ketadi. Zotan, mehnatning ibodat hisoblanishi namozlarni to‘kis ado etish, haromdan qochish bilan bo‘ladi. Luqmasining halol bo‘lishini istagan kishi quyidagi besh narsaga diqqat qilishi lozim:

1. Rizq topish harakatida ekan, Alloh taolo farz qilgan ibodatlarni tark etmaslik;

2. Daromad, foyda topish uchun kishilarni ranjitmaslik;

3. Ishga kirisharkan, o‘zi va oilasi nomusini himoyalashni niyat qilish;

4. Ish davomida o‘zini haddan ortiq charchatmaslik;

5. Mehnatni faqat rizq topish sabablaridan deb bilish. Chunki kishiga rizqni qilayotgan mehnati emas, Alloh taolo beradi.

“Irfon” taqvimining 2010 yil, 2-sonidan olindi.