Press "Enter" to skip to content

Bir hadis sharhi — Islom ummatiga Ramazonda berilgan beshta xos xislat

Shu sababli Ramazon oyidan boshqa oylarda gunoh qiluvchi odamlar, Ramazon oyida ham gunoh qilaverishadi. Toki nafsga itoat etilar ekan shunday bo‘laveradi.

Ramazon haqida hadislar: Eng sara to‘plam

Саҳл ибн Саъд розияллоҳу анҳу Расулуллоҳ (соллалоҳу алайҳи васаллам)дан ривоят қилади: “Жаннатнинг бир эшиги бордирки, унинг номи Раййондир. Қиёмат куни “Рўзадорлар қани?” дейилади. Уларнинг охиргиси кириши биланоқ ушбу эшик ёпилади” (Имом Бухорий, Имом Термизий ривояти).

Абу Ҳурайра розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Рамазон келса, жаннат эшиклари очилади, дўзах эшиклари ёпилади ва шайтонлар кишанланади”, деганлар” (Имом Бухорий, Имом Муслим ривояти).

Абу Саъид Худрий розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Бир банда Аллоҳ йўлида бир кун рўза тутса, ўша кунги рўзаси сабабли Аллоҳ унинг юзини дўзахдан етмиш йиллик масофага узоқ қилади”, дедилар (Имом Бухорий, Имом Термизий ривояти).

Абу Ҳурайра розияллоҳу анҳу ривоят қилади: Набий соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Ким Рамазонда фарзлигига ишониб, савоб умидида рўза тутса, унинг аввалги гуноҳи кечирилади”, дедилар (Имом Бухорий, Имом Муслим ривояти).

Анас розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Саҳарлик қилинглар. Чунки саҳарликда барака бордир”, дедилар (Имом Бухорий, Имом Термизий ривояти).

Абу Умома розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Мен: “Эй Аллоҳнинг Расули, менга Аллоҳ манфаат берадиган ишни амр қилинг”, дедим. У зот соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Рўзани лозим тут, унинг ўхшаши йўқдир”, дедилар” (Имом Насоий ва Ҳоким ривоят қилишган).

Зайд ибн Холид ал-Жуҳаний розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Набий соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Ким рўзадорни ифтор қилдирса, унга ўшанинг ажрича ажр бўлур. Шу билан бирга, рўзадорнинг ажридан ҳеч бир нарса кам бўлмас”, дедилар” (Имом Термизий ривояти).

Умму Уммора Ансория розияллоҳу анҳодан ривоят қилинади: “Набий соллаллоҳу алайҳи васаллам бу саҳобия ҳузурига киргандилар, у таом тортиқ қилди. У зот: “Ўзинг ҳам егин”, дегандилар, у: “Мен рўзадорман”, деди. Шунда Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Рўза тутган қайси одамнинг олдида бошқалар овқатланса, то еб тугатгунларича (ёки тўйгунларича) фаришталар рўзадор ҳаққига дуода бўлади”, дедилар (Имом Термизий ривояти).

Ибн Аббос розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Саҳар таомидан наҳор рўзасига, қайлула уйқусидан кечанинг қиёмига ёрдам олинглар”, дедилар” (Ибн Можа, Ҳоким ва Табароний ривояти).

Саҳл ибн Саъд розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Модомики ифторни тез қилар эканлар, кишилар хайрликда бўлурлар”, дедилар (Имом Бухорий, Муслим, Абу Довуд, Термизий, Насоий ривояти).

Ибн Умар розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Рамазоннинг қазосини хоҳласа тарқоқ, хоҳласа кетма-кет қилади”, дедилар” (Дорақутний ривоят қилган. Ибн ал-Жавзий саҳиҳ деган).

Абу Ҳурайра розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи васаллам: “Баъзи рўзадорлар борки, уларга рўзаси учун очликдан ўзга нарса бўлмас. Баъзи тунда бедор бўлганлар борки, уларга бедорлиги учун уйқусизликдан ўзга нарса бўлмас”, дедилар” (Ибн Можа, Аҳмад ва Ҳоким ривояти).

Абдураҳмон ибн Авф розияллоҳу анҳудан ривоят қилинади: “Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи васаллам айтадилар: “Аёл киши беш вақт намозини ўқиса, бир ой Рамазон рўзасини тутса, фаржини сақласа ва эрга итоат қилса, унга “Жаннатнинг қайси эшигидан хоҳласанг, киравер”, дейилади” (Имом Аҳмад ривояти).

Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи васалламнинг саҳобаларидан бири: “Батаҳқиқ, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи васалламнинг Аржда, рўзадор ҳолларида, иссиқ ва чанқоқликдан бошларидан сув қуяётганларини кўрдим”, деди (Имом Абу Довуд, Насоий ва Аҳмад ривояти).

Ойша розияллоҳу анҳодан ривоят қилинади: “Расулулоҳ соллаллоҳу алайҳи васаллам (Рамазондаги охирги) ўн кунлик кирса, тунни қоим қилар ва аҳлларини уйғотардилар, белларини маҳкам боғлардилар” (Имом Бухорий ва Имом Муслим ривояти).

Мунира Абубакирова тайёрлади

Bir hadis sharhi — Islom ummatiga Ramazonda berilgan beshta xos xislat

“Islom.uz” portali Islom ummatiga Ramazonda berilgan beshta xos xislat haqidagi hadis sharhini keltirib o‘tdi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sallollohu alayhi vasallam: “Mening ummatimga Ramazonda avvalgi ummatlarga berilmagan beshta xos narsa berildi. Ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohga yoqadi va nazdida mushkdan yaxshi. Suvdagi baliqlar iftor vaqtigacha istig‘for aytishadi. Alloh har kuni jannatni bezaydi va “Yaqinda taqvodor bandalarim dunyo qiyinchiliklarini tashlab, seni oldingga kelishadi”, deydi. Ramazonda hamma o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanadi, Ramazondan tashqaridek o‘zlarining yomon ishlarini qila olmaydilar. Va so‘nggi kuni, ro‘za tutganlarning gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar. Sahobalar: “Bu Qadr kechasimi?” deyishdi. Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: “Yo‘q, ishchi bilan ish tugagach hisob-kitob qilinadi”, dedilar.

Sharh: Nabiy sallollohu alayhi vasallam bu hadisda avvalgi ro‘za tutgan ummatlarning emas, balki o‘zlarining ummatlari uchun Allohning rahmati bo‘lgan beshta xos narsa haqida gapirib berdilar. Agar biz bu ne’matlarning qadriga yetganimizda edi, bu Allohning xos marhamatidan ko‘p ko‘p ajrlanib qolishga harakat qilgan bo‘lar edik.

Birinchisi: ro‘zadorning ochlik sabab og‘zidan chiqadigan hid Allohga mushkdan sevimliroqdir.

Ulamolarimizning bu haqda sakkiz xil fikrlari mavjud bo‘lib, ular ichida uchta fikr kuchliroqdir.

Birinchisi, Alloh oxiratda bu hid evaziga mushkdan ham yoqimliroq, xushbo‘yroq hid ato etadi.

Bu aniq ixtilofi yo‘q fikr.

Ikkinchi fikr, qiyomat kuni bandalar qabrlaridan chiqarilganda ularnig og‘izlaridan mushku anbar hidi kelib turadi, va bu ularnig ro‘zadorlar ekanligiga dalil bo‘ladi.

Uchinchi fikr, Alloh Taolo bu hidni bu dunyoda ham mushkdan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘radi. Bunisi sevgi mavzusiga taalluqli. Agar kimdir kimgadir nisbatan bog‘liqlik sezsa va sevsa, uning badbo‘y hidi ham mingta mushkdan yaxshi va suyukliroq bo‘ladi.

Iymon keltirgan, ro‘za tutgan bandaning asl maqsadi – Allohga qurbat hosil qilish, U Zotning suyukli bandasiga aylanish. Ro‘za Alloh eng yaxshi ko‘rgan amallardandir. Har bir ezgu amal uchun ajrlar farishtalar orqali beriladi, lekin ro‘za uchun mukofotni Allohning o‘zi beradi, chunki bu ibodat faqat Alloh uchundir. Ba’zilar mukofot Allohning O‘zidir deyishadi. Ya’ni Alloh bilan uchrashishdan ham buyukroq nima bo‘lishi mumkin?!

Boshqa hadisda ro‘za ibodatning hamma turlariga eshik ekani aytilgan.

U qalblarni nurafshon qiladi, shundan insonda boshqa ibodat turlariga rag‘bati kuchayadi, faqat ro‘za haqiqiy ma’nodagi ro‘za bo‘lsagina shunday. Faqat och yurishni o‘zi kifoya qilmaydi, ro‘zada hamma odob-axloq me’yorlariga amal qilish kerak.

Shu yerda e’tiborga loyiq bir savol bor, hid mavzusiga tegishli hadisga binoan ba’zi bir imomlar peshindan keyin ro‘zadorga misvok ishlatishni man qilishadi. Xanafiy ulamolari esa, misvokni xohlagan vaqtda ishlatish mumkin, sababi u tishlardagi hidni ketkazadi, hadisda aytilgan hid insonning bo‘sh oshqozonidan chiqadi, tishidan emas, deyishadi. Xanafiylarnig bu dalillari hadis va fiqh kitoblarida keltirilgan.

Ikkinchisi: bu baliqlarnig istig‘for aytishi. Bu bilan insonga ko‘p narsalar duo qilishini bilib olsa bo‘ladi. Bu mavzu ko‘p hadislarda keltirilgan. Ba’zi hadislarda farishtalar ro‘za tutgan odam uchun istig‘for aytishi keltirilgan. Ulamolar aytadilarki: “Baliqlarga oid gaplar Allohning – “Albatta iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga Rohman muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat) so‘zlari bilan bevosita bog‘liq”.

Yana hadisda aytiladi, “Agar Alloh taolo biror bandasini yaxshi ko‘rib qolsa, Jabroil alayhissalomga: “Men bu bandamni yaxshi ko‘raman sen ham yaxshi ko‘rgin!” deydi. Jabroil alayhissalom uni yaxshi ko‘radi va osmon ahliga nido qilib, falonchi odamni Alloh yaxshi ko‘rdi endi sizlar ham yaxshi ko‘ringlar” deydi. Barcha osmon ahli uni yaxshi ko‘radi. Shundan so‘ng yerga uni yaxshi ko‘rish amri bo‘ladi”.

Bunday insonni atrofidagilar yaxshi ko‘rishi ajablanarli holat emas. Bu yaxshi ko‘rishlik shu darajada keng yoyiladiki hatto dengiz mahluqlari ham uni yaxshi ko‘rib haqqiga duo qilishadi. Ya’ni yaxshi ko‘rishlik quruqlikdan tortib dengizgacha qamrab olishi bu ro‘zadorga bo‘lgan sevgining yuqori cho‘qqisidir. Xuddi shu yo‘l bilan o‘rmon ahlining ham duosi borligi ma’lum bo‘ldi.

Uchinchisi: bu jannatning bezatilishi. Bu haqda ham ko‘p hadislarda aytilgan. Jannatning Ramazon uchun bezatilishi yil boshida boshlanadi. Odatdagidek, mehmonning kelishiga qanday tayyorgarlik ko‘rilsa, shunga yarasha ertaroq harakat qilinadi. Xuddi shunday nikoh tadoriga ham bir necha oy avval boshlanadi.

To‘rtinchi: o‘zboshimcha shaytonlarning kishanlanishi va bu sababli gunohlar soni kamayayishi. Muborak Ramazon oyida, Allohning rahmati tufayli ibodat sonini oshishi kutilgan edi, shaytonlar sillasi quriguncha odamlarni yo‘ldan urishi, va gunohlari har qanday chegaradan chiqib ketishi kerak edi. Lekin shunga qaramasdan, ko‘rib tasdiqlanishiga ko‘ra ma’siyat qilish kamaygan. Qancha mast qiluvchi ichimlik ichuvchilar bor, aynan Ramazon oyida ichishni to‘xtatadilar. Xuddi shunday boshqa gunohlar ham kamayadi. Shuningdek savob ish qiluvchilar soni ko‘payadi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, masjidlarda jamoatning soni keskin ortgan bo‘ladi.

Lekin baribir gunohlar qilinaveradi. Gunohlar qilinishi biz o‘rganayotgan hadisga zid kelmaydi. Chunki gunohlar shayton sababli qilinsa-da, yil davomida ularga bog‘langanlik va ularning zaharli harakatlari tufayli nafs ularga shu darajada ko‘nikib ularning ta’siri ostiga tushib qolganligidan, bu qilingan gunoh, ularga gunoh sifatida emas oddiy odat sifatida qabul qilinish darajasiga yetganligidandir.

Shu sababli Ramazon oyidan boshqa oylarda gunoh qiluvchi odamlar, Ramazon oyida ham gunoh qilaverishadi. Toki nafsga itoat etilar ekan shunday bo‘laveradi.

Yana bitta sabab bor, Rasululloh sallollolhu alayhi vasallam: “Inson gunoh qilganda uning qalbida bitta qora dog‘ paydo bo‘ladi. Agar tavba qilsa u ketadi, tavba qilmasa qoladi. Agar u yana boshqa gunohni sodir etsa, yana yangi qora dog‘ paydo bo‘ladi. Va shu yo‘sinda butun qalbi qorayib ketgunicha davom etadi. Shundan so‘ng bu qalbga yaxshilik kirmaydi”, deb marhamat qilganlar.

Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xabar beradi: “Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘ob bo‘lib o‘rnashib qolgan xolos.” (Mutaffifin surasi, 14-oyat).

Bu holatda qalbning o‘zi ma’siyatga moyil bo‘lib qoladi. Shu sababli ko‘pchilik bir gunohni uyalmasdan qilaveradi, lekin ular oldida shu kabi boshqa gunoh ishlar chiqsa, qalbi unga qarshi chiqadi. Masalan, agar mast qiluvchi ichimlik ichuvchi odamga cho‘chqa go‘shti taklif qilinsa, unga nisbatan nafrati oshib ketadi, aslida ikkalasining gunohi birdek og‘ir.

Shundan bilamizki, Ramazondan tashqarida gunoh sodir etilganda, qalblar uni rangi bilan qoplanadi. Keyin u gunohlarni bajarish uchun ularga Ramazon oyida shaytonlarning keragi bo‘lmay qoladi.

Har bir odam o‘zidan kelib chiqib shuni kuzatishi mumkin, muborak Ramazon oyida ezgu amallarni qilish uchun yoki gunohlardan saqlanish uchun, boshqa oylardagidek juda katta kuch talab qilinmaydi. Ozgina qat’iylik va diqqat bo‘lsa kifoya.

Beshinchisi: bu hamma ro‘za tutganlarning Ramazonning so‘nggi kechasida kechirilishi.

Ramazon kechalarining eng xayrlisi Qadr kechasidir. Shuning uchun sahobalar unday fazl shu kecha uchun bo‘lsa kerak deb o‘ylashdi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ularga Qadr kechasining qiymati alohida, bu fazl esa Ramazonning tugashi munosabati bilan ekanini uqtirib, “Yo‘q, ishchi bilan ish tugagach hisob-kitob qilinadi”, dedilar.

“Ramazon kirishi…” haqidagi uydirma hadis

CAVOL: Assalomu alaykum ustozlar. Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlar tarqamoqda: “Ramazon oyi 2021 yil 12 apreldan boshlanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Bir inson boshqa bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo‘lib eslatsa, do‘zax olovi o‘sha inson uchun harom qilinadi” degan. Shu hadis ishonchlimi?

JAVOB: Va alaykum assalom. “Bir inson boshqa bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo‘lib eslatsa, do‘zax olovi o‘sha inson uchun harom qilinadi” mazmunida hadis yo‘q! Balki, bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga to‘qilgan uydirmalardan biridir. Buni bir necha jihatdan asoslash mumkin:

Birinchidan – ushbu to‘qima “hadis”ni biror hadis to‘plamiga keltirilmagan va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan isnodi – roviylar silsilasi mavjud emas. Zero, har bir hadisning isnodi bo‘lishi lozim. Agar biror rivoyatni isnodi bo‘lmasa uni hadis deb, atashga hech kimning haqqi yo‘q. Shuning uchun ham buyuk muhaddislardan biri Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhi: “Isnod dindandir! Agar isnod bo‘lmasa, xohlagan kimsa o‘zi xohlagandek gapiraveradi”, deganlar.

Ikkinchidan – Ramazon oyining kirib kelish sanasi oldindan hech kimga ma’lum bo‘lmaydi. Balki, Ramazon oyining hilolini ko‘rish bilan ma’lum bo‘ladi. Demak, u haqida avvaldan eslatish mantiqan imkonsiz ishdir.

Uchinchidan – Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo‘lib eslatgan kishiga do‘zax olovi harom qilinishi ham shariatimizning umumiy qoidalariga ziddir. Chunki, kim jannatga kirishi, kim do‘zaxga kirishi bu kabi amallar bilan belgilanmaydi. Balki, shariat ko‘rsatmalariga amal qilishi bilan belgilanadi.

Imom Jaloliddin Suyutiy rahimahulloh o‘zining hadis ilmiga bag‘ishlangan kitobida to‘qima hadislar haqida so‘z yuritib, muhaddis olim ibn Javziydan quyidagilarni naql qilib keltiradi:

“Agar biror hadisni aqlga to‘g‘ri kelmasligini yoki (sahih) naqllarga muvofiq emasligini yoxud asl manbalarga zid ekanini ko‘rsang, bilginki, u – to‘qima hadisdir. Asl manbalarga zid ekanidan murod – musnadlar va mashhur kitoblardan iborat Islom olamidagi (hadis) to‘plamlariga kiritilmaganidir” (“Tadribur-roviy”, 469-bet).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga nisbatan yolg‘on to‘qish, bilib-bilmay turli gaplarni hadis deb aytish katta gunohdir. Bu o‘sha odamning do‘zaxga kirishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun biror rivoyatning haqiqiy ekanligiga to‘liq ishonch hosil qilmasdan turib, naql qilish yaxshi emas.

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, do‘zaxdan o‘z o‘rnini tayyorlayversin”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).

Imom Muslimning rivoyatida: “Albatta, menga yolg‘on to‘qish boshqa birovga yolg‘on to‘qishdek emas. Kim menga yolg‘onni bilib turib to‘qisa, do‘zaxdan o‘z o‘rnini tayyorlayversin”, deyilgan. Ya’ni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytmagan gapni u zotdan, deb naql qilish, insonni do‘zax tomonga yetaklovchi amaldir. Bunday yo‘l tutishdan nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak.

Mug‘iyra ibn Sho‘’ba raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim mening nomimdan yolg‘on deb gumon qilingan hadisni aytsa, u yolg‘onchilardan biridir”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz to‘qima hadislarni aytish va tarqatishdan qattiq qaytarganlar. Hatto ba’zi ulamolar uni gunohi kabiralardan sanagan. Faqat o‘sha “hadis” to‘qima ekanidan ogohlantirish maqsadida aytishga ruxsat berilgan.

Shunday ekan bilmaganlar bilib olsin, bilganlar boshqalarga ham yetkazib, ogohlantirib qo‘ysin. Bu ishni qilib, to‘qima rivoyatlarni tarqatib yurganlar tavba qilishsin, oddiy-asossiz gaplarni hadis deb taqatishni to‘xtatishsin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati